Glyukometrdan qanday foydalanasiz?
![](https://static.zarnews.uz/crop/6/7/720__80_67780c494b3029aa74477b46c1dacd79.jpg?img=self&v=1739379763)
Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali tomonidan Jomboy tumani tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda shu kabi savollarga javob izlandi.
Tumandagi poliklinikalar oilaviy shifokorlari va amaliyotchi hamshiralar uchun tashkil etilgan tadbirda birlamchi tizimda endokrin kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni tekshirish va davolash rejasini to‘g‘ri tuzish, kasalliklar asoratlarini oldini olish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibotni kuchaytirish bo‘yicha so‘z yuritildi.
– Aholi o‘rtasida endokrin kasalliklarni erta aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan skring tekshiruvlarida bizning asosiy tayanchimiz birlamchi bo‘g‘indagi oilaviy shifokorlar va hamshiralar hisoblanadi, – deydi Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali bosh vrachi Gulzoda Negmatova. – Har yili viloyatimizda minglab fuqarolar ushbu turdagi ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu jarayonda kasallikning ilk belgilari kuzatiladi, bemorlar aniqlanadi va shunga qarab ularni davolash choralari ko‘riladi. Bordi-yu ana shu skrining tekshiruvlari chog‘ida glyukometr orqali qonda qand miqdorini aniqlash yoki skrining kartalarini to‘ldirishda kichik xatoga yo‘l qo‘yilsa, bu bir inson salomatligiga yoki uning kelajagiga yomon ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli joylarda muntazam ravishda shu kabi o‘quv-seminarlar o‘tkazib, birlamchi bo‘g‘indagi hamkasblarimiz malakasini oshirishga e’tibor qaratamiz.
Tadbirda oilaviy shifokorlar va amaliyotchi hamshiralar faoliyatida skrining jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlari misolida skrining kartalar to‘ldirishdi va 9 balldan yuqori natija qayd etilgan tibbiyot xodimlarining qonda qand miqdori o‘lchanib, diabet oldi holati va qandli diabet aniqlangan xodimlarni tekshirish, davolash hamda dispanserizatsiya rejalari tuzilib, oilaviy shifokor va amaliyotchi hamshiralarga namuna tarzida taqdim etildi.