Zarafshonbot’ga murojaat: Gaz idorasi nega “litsevoy schet” bermayapti?
                                                                        Ishtixon tumani Xalqobod mahallasidagi Bodoy massivida yashayman. Ikki sotixli namunali uyda istiqomat qilaman. Massivimiz gazlashtirilgan bo‘lsa-da, men sotib olgan uy tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan ekan. 2024 yil tuman gaz ta’minoti idorasiga murojat kildim. Idora xodimlari gaz hisoblagich sotib olishimni yoki 3 million so‘m berishimni aytishdi.
Bu pulni berishdan ko‘ra, gaz hisoblagich xarid qilib o‘rnatishni lozim topdim. “Raygaz”dagilar hisoblagichni ko‘rib, “plomba”sini qo‘yib, “Ishlatavering, hozir texnik shart yoki kod qilib berolmaymiz. Qishki mavsum o‘tsin, beramiz”, deyishdi. Hisob raqamsiz noqonuniy ishlatsam, jarimaga tortilishdan qo‘rqib, shu paytgacha gazdan foydalanmadim.
Joriy yilning yanvar oyidan buyon tuman gaz idorasiga qatnayman. Kichik xodimidan tortib, boshliqqacha bir-necha bor murojaat qildim. Foydasi yo‘q.
O‘tgan qishni o‘tin, ko‘mir bilan amallab o‘tkazdim. Lekin eshik qoqib kelayotgan bu yilgi qishni ham gazsiz o‘tkazamizmi?
Nahotki, texnik shartlarni rasmiylashtirib, shaxsiy hisob-raqam ochish shunchalik qiyin bo‘lsa!?
Jamol EShQULOV.