Urgutdagi “muz saqlanadigan g‘or” - Yaxton

Tumanning Chorchinor mahallasi hududida joylashgan Yaxton g‘ori (avvallari “Yaxdon” nomi bilan mashhur bo‘lgan) o‘zining noyob tabiiy xususiyatlari bilan e’tiborga loyiq. Fors tilidan tarjima qilinganda, “yax” - “muz”, “don” esa “saqlanadigan joy” ma’nosini beradi. Bu esa g‘orning tabiiy xususiyatini aniq ifodalaydi.

Chorchinor mahallasida yashovchi Sheriqul G‘afforovning so‘zlariga ko‘ra, 1860-1865 yillar oralig‘ida mazkur hududda volfram moddasi aniqlangan va keyinchalik bu yerda kon faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

- Kichik vagonchalar yordamida kondan volfram chiqarilib, zavodlarga yetkazib berilgan, - deydi u. - Konda bitta asosiy kirish qismi mavjud bo‘lib, uning uzunligi taxminan 3,5 kilometr, eni esa 4 metrgacha yetadi. Hozirda Yaxton tabiiy g‘or sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

G‘ordan yilning to‘rt fasli davomida tiniq va muzdek suv sizib chiqib turadi. Ayniqsa, bahor va qish oylarida suv oqimi ancha ko‘payadi. G‘or ichidagi harorat yoz faslida salqin, qishda esa nisbatan iliq bo‘ladi. Bu esa tabiiy “yaxdon” vazifasini bajarayotganini anglatadi.

Urgut tumani markazidan taxminan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan mazkur maskan o‘zining ekologik tozaligi, tinch va so‘lim muhiti bilan sayyohlarni jalb etmoqda. Bu yerga mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurib, tabiatning go‘zal manzaralaridan bahramand bo‘lishlari va maroqli dam olishlari mumkin.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, Yaxton konidagi volfram trioksidi moddasining zaxirasi 20 ming tonnadan ortiqni tashkil etadi. Bu esa ushbu hudud nafaqat turizm, balki sanoat salohiyati nuqtai nazaridan ham ulkan ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Fazliddn RO‘ZIBOYeV,

Zahro IBROHIMOVA.