Grenlandiyada nima bor?
Deyarli hech narsa o‘smaydigan va yerining katta qismi yashash uchun yaroqsiz "yashil mamlakat”da odamlar qanday yashaydi?

Yerdagi eng katta orol - Grenlandiya hududining 80 foizi muz bilan qoplangan, shu sababli uning 55-60 ming nafar inuitlardan iborat aholisi siyrak joylashgan. Grenlandiyaliklar o‘zining noyob xususiyatlari tufayli bizning hayot tarzimizdan ancha farq qiladigan “boshqacha” turmush tarzini olib borishadi.
ADME ushbu "yashil mamlakat" aholisi qanday yashashi, nimalar iste’mol qilishi va qanday dam olishi haqida qiziqdi.
Transport
Grenlandiyada asosan it tortilgan chanalardan foydalanishadi, shaharlarda yo‘llar bor, lekin bir shahardan boshqasiga borish uchun qorda yuradigan avtomashina, qayiq, samolyot yoki vertolyotda uchish kerak bo‘ladi.


Grenlandiya taksisi shunday ko‘rinishga ega. Nuuk shahridagi oilaviy kompaniya sayyohlik qayiqlarini o‘ziga xos katakli naqsh bilan bezab, sariq rangga bo‘yadi. Ushbu qayiqlarda siz aysberglarga yetib borishingiz va suvda turib, sehrli panoramadan bahramand bo‘lishingiz mumkin.

Mahalliy oshxona
Grenlandiyaning sovuq Arktika iqlim sharoitidagi an’anaviy “suaasat” sho‘rvasi tyulen go‘shtidan tayyorlanadi. Ushbu ingrediyent ba’zan kit yoki dengiz qushlarining lahm go‘shti bilan almashtiriladi. Quyuqroq bo‘lishi uchun sho‘rvaga guruch yoki arpa solinadi.

Kotletlar ming yillar davomida Arktikada yashab keladigan ho‘kizqo‘y qiymasidan tayyorlanadi.

Dengiz mahsulotlarini keng iste’mol qiladigan inuitlarning yana bir mashhur taomi - kit terisi va yog‘idan olinadigan “maktak” odatda xom holda iste’mol qilinadi, lekin uni muzlatib, tuzlab qo‘yish ham mumkin.


Yashil mamlakat odamlarining bir-birlari bilan muloqot qilishlari va bir chashka kofe ustida suhbat qurib dam olishi uchun “Kaffemik” bayramona yig‘in an’anasi bor. Kaffemik uchun farzand tug‘ilishi, tug‘ilgan kuni, maktabga borgan birinchi kuni yoki ish boshlagan birinchi kuni kabi turli xil sabablar bo‘lishi mumkin. Grenlandiyaliklar issiq uylarda yig‘ilishni va yaxshi kompaniyada vaqt o‘tkazishni xush ko‘rishadi.
Milliy libos
An’anaga ko‘ra, bola 13 yoshga to‘lgan kuni sovg‘a sifatida oq rangli “Anorak” deb nomlanadigan(shoyi, atlas, kanopdan to‘qilgan qalin mato yoki jundan tikilgan) juda baquvvat libosni qabul qilib oladi. U butun umri davomida bu ko‘ylaknimaxsus tadbirlar yoki to‘ylarda kiyadi.


Yoshi kattaroq oila a’zolari o‘ziga ov qilinadigan mahalliy hayvonlar - tyulen va oq ayiqlarning terisidan kiyim tikadilar. Aytgancha, Grenlandiyada yosh ayollar ham ovchi bo‘lishi mumkin, ularning do‘stlari bilan ovga chiqishlari odatiy hol.

Boshqa xususiyatlar
Grenlandiyaning noyob merosi uning mahalliy tili bo‘lib, uni o‘zlashtirish oson emas. Ko‘p sonli old qo‘shimcha va so‘z yasovchi qo‘shimchalar tufayli so‘zlar juda uzun bo‘lib, boshqa tillardagi butun jumlalarga o‘xshab ketishi mumkin.
Nuuk shahri eng shimoliy poytaxt, lekin bu shahar ham ba’zan yozni boshdan kechiradi. Yilning eng issiq davrida maksimal harorat 21 daraja issiq bo‘lishi mumkin. Grenlandiyaning asosiy xalqaro aeroporti poytaxtda emas, balki boshqa shahar — Kangerlussuakda joylashgan.

25 maydan 25 iyulgacha bo‘lgan davrda Grenlandiyada hech qachon quyosh botmaydi. An’anaga ko‘ra, ikki oy davom etadigan abadiy kun 21 iyun kuni milliy bayram sifatida nishonlanadi. Bu yerda osmon yiliga 300 kundan ortiq musaffoligicha turadi. Bu esa mehmonlar va shahar aholisiga shimoliy yog‘dularni tomosha qilib zavqlanish imkoniyatini beradi.

Grenlandiyada issiq buloqlar ko‘p. Eng issig‘i Uunartok orolida joylashgan bo‘lib, undagi suv harorati rekord darajadagi +37 darajaga yetadi.

Uunartokka yetib kelgan sayyohlar issiq buloqlarda suzish bilan birga bir tomondan dengizda suzayotgan aysberglar, ikkinchi tomondan esa qadimiy Inuit xarobalari uyg‘unlashib yaratgan ajoyib manzara shohidi bo‘lishadi.
Siz Grenlandiyaga sayohat qilishni xohlaysizmi?
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.