Murojaatnoma va Xavfsizlik kengashi qarorlari — jamoatchilik muhokamasida
Samarqand shahridagi yoshlar markazida Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga qilgan Murojaatnomasi hamda 2026 yil 13 yanvarda o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Samarqand shahridagi mahalla raislari, imom-xatiblar, umumta’lim maktablari direktorlari va o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tizimi xodimlarining malakasini oshirish va mahallalarni metodik ta’minlash o‘quv-uslubiy markazi” nodavlat ta’lim muassasasi direktori Xurshid Ochilov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hotamjon Ketmonov va boshqalar ma’ruza qildi.
Chiqishlarda Davlat rahbari Murojaatnomasida belgilab berilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, aholi farovonligini oshirish, yoshlar bilan ishlash, mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr bildirildi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda mahalla, ta’lim muassasalari va diniy soha vakillarining o‘rni va mas’uliyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasini shakllantirish muhimligi qayd etildi.