Bitiruvchini ishga tayyorlaydigan ta’lim qanday bo‘lishi kerak yoxud "Texnikum-korxona mikrotsex modeli" muammoni nechog‘li hal qiladi?
Kasbiy ta’limda bitiruvchilarning malakasi real ishlab chiqarish talablari bilan mos kelmasligi dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Texnikumlar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlik ko‘p hollarda rasmiy kelishuvlar va qisqa muddatli amaliyotlar bilan cheklanib, ta’lim mazmuniga yetarli darajada ta’sir ko‘rsatmaydi.
Global iqtisodiyot va texnologik rivojlanish sharoitida kasbiy ta’lim tizimidan talab qilinayotgan asosiy vazifa mehnat bozori ehtiyojlariga tezkor va moslashuvchan javob berishdir. Shunga qaramay, amaliyotda ko‘plab texnikumlarda ta’lim jarayoni ishlab chiqarish jarayonlaridan uzilgan holda tashkil etilmoqda.
Mavjud hamkorlik mexanizmlari ko‘pincha qisqa muddatli ishlab chiqarish amaliyoti bilan chegaralanib, o‘quv rejalari va baholash tizimiga chuqur integratsiyalashmagan. Mehnat bozori sharoitida kasbiy ta’lim muassasalari oldida turgan asosiy muammo bitiruvchilarning ishlab chiqarish talablariga to‘liq mos kelmasligidir. Amalda ko‘plab texnikumlarda korxonalar bilan hamkorlik rasmiy shartnomalar yoki qisqa muddatli amaliyotlar bilan cheklanib qolmoqda. Bu esa ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni ta’minlamaydi.
Texnikumlarda korxonalar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida “Texnikum-korxona mikrotsex modeli” taklif etilib, u kasbiy ta’limni ishlab chiqarish muhitiga to‘liq yaqinlashtirishga qaratilmoqda.
Respublika Prezidentining 2025 yil 23 oktyabrdagi “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida texnikumlar faoliyatini ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda tashkil etish, kadrlar tayyorlashni mehnat bozori talablariga moslashtirish, dual ta’lim hamda amaliy ta’lim jarayonlarini kuchaytirish vazifalari belgilandi. Shu sababli, barcha hududlarda “Kasbiy ta’limni rivojlantirish hududiy tadbirkorlar kengashi" tashkil etilib, uning tarkibiga hududdagi yirik tadbirkorlik sub’yektlari, ish beruvchi tashkilot va korxonalar, vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari rahbarlari kiritildi.
Hududda o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, xalqaro ta’lim dasturlari, o‘quvchilar amaliyoti hamda dual ta’limni tashkil etish hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlash, texnikumlar ixtisoslashuvini o‘zgartirish va ta’lim dasturlari mazmunini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish Kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Texnikum-korxona mikrotsex modeli tushunchasi bu kasbiy ta’lim muassasasi va ish beruvchi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘lib, unda korxona ishlab chiqarish sexi texnikum hududida yoki korxona bazasida faoliyat yuritadi. Mazkur model ta’lim, ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini yagona tizimga integratsiya qilish orqali o‘quvchilarning real ish muhitida kasb egallashga yordam beradi.
Ushbu model an’anaviy o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalaridan farq qiladi. Mikrotsexda o‘quv mahsuloti emas, bozorga yo‘naltirilgan real mahsulot yoki xizmat yaratiladi. Mikrotsex sharoitida o‘quvchilar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulot yoki ko‘rsatiladigan xizmatlar didaktik maqsad bilan cheklanib qolmaydi, balki real bozor ehtiyojlariga mos, iqtisodiy aylanishga kiruvchi va iste’molchilar tomonidan talab qilinadigan mahsulot sifatida shakllantiriladi.
Bunda o‘quvchilar ishchi sifatida real texnologik operatsiyalarni bajaradi, ya’ni ular ishlab chiqarish jarayonida to‘liq qatnashib, mahsulot yoki xizmatni yaratishda faol ishtirok etadi. Bu jarayonda o‘quvchilar nazariy bilimlarni amaliy texnologik jarayonlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab, mahsulot sifati va standartlarga muvofiq ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar.
Texnikum-korxona mikrotsex modelida o‘quv rejaning 30-50 foizi mikrotsex faoliyatiga integratsiya qilinadi. Modullar ish jarayonlari asosida shakllantirilib, baholashda nazariy bilimdan ko‘ra ish natijalariga ko‘proq e’tibor beriladi.
Mikrotsex modelining yana bir muhim xususiyati shundaki, o‘quvchilar bitirgandan keyin ishga joylashadi, ya’ni “ta’lim jarayoni – ishlab chiqarish – ishga joylashuv” uzviy integratsiyalanadi.
Kasbiy ta’limda “o‘qish uchun ishlab chiqarish” emas, balki “ishlab chiqarish jarayonida o‘qish” tamoyili asos qilib olinadi. Dual ta’lim nazariyasi mikroiqtisodiy model bilan boyitiladi hamda o‘quvchi mehnat bozori sub’yekti sifatida ta’lim jarayonidayoq shakllanadi. Natijada ta’lim tashkiloti sifatsiz kadr tayyorlovchi emas, faol ishlab chiqarish hamkoriga aylanadi.
Texnikum-korxona mikrotsex modeli kasbiy ta’limni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan innovatsion yondashuv hisoblanadi. U ta’limni ishlab chiqarishdan ajratmasdan, balki uning tarkibiy qismiga aylantirish orqali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshiradi.
Ushbu modelni hududiy hokimliklar bilan birgalikda normativ-huquqiy asoslar bilan mustahkamlab, tajriba tariqasida pilot texnikumlarda joriy etish kasbiy ta’limni isloh qilishdagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

G‘ayrat Norqulov,
viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasining ta’lim jarayonini tashkil etish va kasbiy rivojlantirish shu’basi boshlig‘i.