Gunoh ish jazolanmasa, u jinoyatga yo‘l ochadi
Yoshim 90 dan oshdi. Ikki tuzumni, ikki asrni ko‘rdim. Harqalay, yaxshi-yomonni farqlab, farzandlarim, og‘aynilarim oldida obro‘yimga putur yetkazadigan ish qilmadim. Ammo nadomatlar bo‘lsinki, bugungi kunda nazorat idoralaridagi ayrim xodimlar ish tutumini, mas’uliyatsizligini ko‘rib, to‘g‘risi, hayron qolyapman.
Menga shu yil 1 aprelda Samarqand shahar hokimi imzosi bilan xat keldi. Unda aytilishicha, go‘yo men 2021 yil 24 martda (5855-ar/21) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga oilaviy masalada yordam so‘rab murojaat qilgan ekanman. Eng qizig‘i, familiyam Hoshimov deb noto‘g‘ri yozilgan.
Birinchidan, men virtual qabulxonaga murojaat qilganim yo‘q.
Ikkinchidan, men bilan hech kim bu masalada gaplashgan emas. U murojaat nima haqda ekanini ham bilmayman. Telefon raqami ham meniki emas.
Uchinchidan, xatni tayyorlovchi hokimlik xodimi B.Omonov bu ma’lumotlarni qayerdan olgan? Nega hokim imzosi bilan yolg‘on ma’lumot tayyorlagan?
Hayronman, yolg‘on murojaat qilgan ham, yolg‘on ma’lumot tayyorlagan ham ma’lum. Lekin hech kim ularga chora ko‘rish haqida o‘ylamaydi. Vaholanki, qonunlarimizda bunday holatlarga jazolar aniq belgilangan. Shahar prokuraturasi va hokimligiga qilayotgan murojaatlarim esa javobsiz qolyapti.
Agar gunoh ish jazolanmasa, u jinoyatga yo‘l ochishi mumkin. Nahotki buni huquq-tartibot idoralari tushunib yetmaydi.
Salom Xodjiyev,
Samarqand shahar, «Sharq Tongi» mahallasi.