G‘urbatda kechgan yigirma yil

* Qatag‘on qurbonlari

Bu uning NKVD xodimlari tomonidan ikkinchi marta hibsga olinishi edi. Shu sababli o‘zini unchalik yo‘qotmadi. Aksincha, avvalo xotini Irina Stanislavovnani tinchlantirishga urindi. “Endi mendan ham ko‘ra senga qiyin bo‘ladi. O‘zingni mahkam tut, bolalarning, onamning tayanchi yolg‘iz o‘zing bo‘lib qolyapsan”.

Bu gaplarni menga keyinchalik onasidan eshitgan, otasi Rahim Shokirbekov 1941 yil 2 yanvarda hibsga olingan paytda hali bir yoshga ham to‘lmagan qizi Elianora Rahimovna Shokirbekova aytib bergan edi. Elianora Rahimovna SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga yoshi saksondan oshganligiga qaramay tez-tez kelib turar, otasiga aloqador anchagina hujjat va suratlarni ham muzey fondiga topshirgandi. Elianora opa 2024 yil mart oyida, 84 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston SSR NKVDsi davlat xavfsizlik boshqarmasi 2-bo‘limi 1-bo‘linmasining katta tezkor vakili Bardasning R.Shokirbekovni jinoiy javobgarlikka tortish haqida chiqargan qaroridan: “1930 yilda R.Shokirbekov OGPUning O‘rta Osiyodagi muxtor vakili tomonidan O‘zSSR Maorif xalq komissarligida mavjud bo‘lgan aksilinqilobiy-millatchilik tashkilotining faol ishtirokchisi sifatida hibsga olingan va 1933 yilda OGPU kollegiyasi tomonidan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan” edi. Qamoq muddatini 1935 yilda o‘tab bo‘lib, uyga qaytgan.

1937 yilda fosh etilgan va A.Ikromov, F.Xo‘jayev rahbarlik qilgan hamda O‘zbekiston hududida faoliyat yuritgan ko‘p tarmoqli “Milliy istiqlol” tashkiloti bo‘yicha olib borilgan tergov davomida R.Shokirbekov ushbu jinoyatchilar guruhi mavjudligini bilganligi aniqlandi. Nomi keltirilgan tashkilot qurolli qo‘zg‘olon hamda VKP(b), sovet hukumati rahbarlariga nisbatan terror uyushtirish natijasida O‘zbekistonni SSSRdan ajratib olishni maqsad qilib qo‘ygan...

Shokirbekov shuningdek, bu aksilinqilobiy-millatchilik tashkilotini fosh etgan Obid Saidovga nisbatan terrorni tayyorlash va amalga oshirishdan xabardor bo‘lgan... U VKP(b) va sovet hukumati tomonidan xalq ta’limi hamda adabiyot sohasida olib borilayotgan tadbirlarga qarshi keng miqyosdagi buzg‘unchilik ishlarini olib borgan. Bu holatlar uning 1930 yilda hibsga olinishi vaqtida tergovdan yashirilgan.

Bundan tashqari, uni 1930 yilda Maorif xalq komissarligida aksilinqilobiy-millatchilar guruhi borligini bila turib ular haqida tegishli tashkilotlarga ma’lumot yetkazmaganlikda ham aybladilar. Bu guruhda Botu, Bois Qoriyev (Oltoy), Ramzi, Nosir Saidov, Usmon Salimiy, Sobir Qodirov, Zohidov, Orifxonov, Zufar Muhammadiyev, Lutfulla Alaviy, Alimov bo‘lgan, deyiladi hujjatlarda.

Aslida Rahim Shokirbekov shaxsiga NKVD tomonidan bunchalik alohida e’tibor qaratilishining sababi nimada edi? Nega uni 1930-1935 yillarda “Narkompros ishi” bo‘yicha 5 yil qamoqqa tiqqanlariga qaramay 1941 yil 2 yanvarda yana hibsga olishdi? Buning sababini uning tarjimai holidan izlash kerak, degan fikrdaman.

Rahim Shokirbekov 1901 yilda (ba’zi hujjatlarda 1899 yil deb ko‘rsatgan) Toshkent shahrida o‘ziga to‘q oilada tavallud topdi. Otasi Shokirbek Ahmadbekovning Toshkent va Qo‘qon shaharlarida savdo do‘konlari bo‘lgan. Rahim sakkiz yoshga to‘lganda otasi oilasidan ajrashib, Qo‘qon shahriga ko‘chib ketdi. U onasining qaramog‘ida qoladi. Toshkentdagi maktablarda o‘qib, savod chiqardi. Lekin otasi 1913 yilda haj safariga otlanib, o‘g‘li Rahimni ham o‘zi bilan olib ketadi. O‘sha paytlari hajga boruvchilar Turkiyaga borib, sultonning roziligini olishi kerak bo‘lgan. Otasi uni Istambuldagi “Istambul-Sultoniya” kollejiga o‘qishga joylashtirib, o‘zi Sidiqmat hoji bilan Makka hamda Madinaga yo‘l oladi. Yosh Rahim ushbu kollejda to‘rt yil tahsil oldi. Kollejda turk, fransuz, fors tillarini o‘zlashtirdi. Lekin 1917 yilda otasi Qo‘qonda vafot etgach, doimo olib turgan puldan mahrum bo‘lib, moddiy ahvoli og‘irlashadi. Shundan so‘ng, 1918 yil o‘rtalarigacha Istambuldagi bir do‘kondorga yordamchi bo‘lib ishlaydi. Vatanida bo‘layotgan voqealarni eshitib, O‘zbekistonga qaytish niyatiga tushadi. Avval Turkiyada yashayotgan kavkazliklar bilan Ozarbayjonning Ganja shahriga keladi. Mablag‘ topish uchun bir maktabda o‘qituvchilik qiladi.

1919 yilning yozida Boku shahriga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda u Turkiyadan kelgan odamlar bilan tanishib, ular tashkil qilgan “Himmat” partiyasiga kiradi. Bu partiya chop etayotgan “Ishchi va dehqon” gazetasi faollaridan biriga aylanadi. 1920 yil boshida “Himmat” partiyasi namoyandalaridan biri Husayin Hilmiy bilan Toshkentga yetib keladi. Bu partiya o‘zini ishchi-dehqonlar manfaatlarini himoya etuvchi, deb e’lon qilgani uchun kommunistik partiyaga yaqin edi. O‘sha paytlar Moskvaning ko‘rsatmasi bilan Toshkentda “Sharqda baynalminal targ‘ibot” bo‘limi ochiladi. Bo‘limni Turkiyada ham inqilobni amalga oshirish niyatida yurganlardan Mustafo Subhiy ismli shaxs boshqarardi. Rahim Shokirbekov ushbu partiya ijroiya byurosi va “Noviy mir” gazetasi tahrir hay’ati a’zosi etib tayinlanadi. Bu yerda u bir yil ishlaydi.

1921 yilda uni Qo‘qonga, militsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasiga yo‘llashadi. Shuningdek, Andijonda ham ayrim vazifalarni bajaradi. 1922 yilda Qo‘qon yer-suv bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, rayon partiya qo‘mitasi mas’ul xodimi vazifalarida ishlaydi. Keyinchalik Farg‘ona viloyati yer-suv bo‘limida va Qo‘shchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari lavozimida mehnat qiladi.

1923 yilda uni Toshkentga chaqirib olishadi. Toshkentning Eski shahar tumani yer tuzish, xalq maorifi bo‘limlarida boshliq o‘rinbosari, boshliq vazifalarida ishlaydi. 1924-1925 yillarda Kommunistik partiyaning Eski shahar tumani qo‘mitasida bo‘lim mudiri o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i edi.

1941 yil 18 fevralda O‘zSSR NKVDsining davlat xavfsizlik boshqarmasi katta tezkor vakili Bardas olib borgan so‘roq dalolatnomasidan:

 - Shundan keyingi yillarda qayerlarda ishladingiz?

 - 1925-1926 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasida matbuot bo‘limi yuriqchisi, shu bilan bir vaqtda Samarqandda chop etilayotgan “Zarafshon” gazetasining mas’ul muharriri vazifalarida xizmat qildim. 1927 yilda Karmanaga, Zarafshon okrug maorif bo‘limi mudiri vazifasiga tayinlandim. U yerda 1928 yilning so‘nggi kunlarigacha mehnat qildim. O‘sha paytlari bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Kompartiyasi Kattaqo‘rg‘on tumani qo‘mitasi kotibi ham edim. 1929 yildan meni Zarafshon okrug partiya qo‘mitasi madaniyat va targ‘ibot bo‘limi mudiri etib belgilashdi. 1930 yil boshidan Samarqandda Maorif xalq komissarligida hisob-taqsimlash bo‘limida, ma’muriy-xo‘jalik bo‘limida boshliq, oxirgi paytlar esa Maorif xalq komissari vazifasini vaqtincha bajardim. 1930 yilning yakunlarida NKVD tomonidan “Narkompross ishi” bo‘yicha hibsga olinganimda O‘zbekiston Kompartiyasi Bekobod tumani qo‘mitasining kotibi bo‘lib ishlayotgandim.

 - 1930 yilda Maorif xalq komissarligida mavjud bo‘lgan aksilinqilobiy-millatchilar guruhi yig‘ilishlarida ishtirok etganmisiz?

 - Maorif xalq komissarligida qandaydir “aksilinqilobiy-millatchilar guruhi” bo‘lganligidan xabarim yo‘q. Ha, biz ba’zida Maorif xalq komissarligida ishlaydigan kishilar uyida tashkil qilingan mehmondorchiliklarda birgalashib ishtirok etib, suhbatlashardik. Odatda bunday o‘tirishlar yakshanba kunlari bo‘lardi. Masalan, Maorif xalq komissarligi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Sobir Qodirov tashkil qilgan mehmondorchilikda men ham ishtirok etganman. Unda Usmon Salimiy, Zohidov oilalari bilan, Botu va boshqalar bor edi. Biz musiqa tinglab, adabiyot haqida, shoir va yozuvchilarning yangi kitoblari to‘g‘risida suhbatlashardik. 

 - Birinchi marta hibsga olinganigizda jazo muddatini qayerlarda o‘tagansiz?

 - Sudgacha NKVDning Toshkentdagi qamoqxonasida, keyin Moskvadagi Butirka hibsxonasida. Hukm e’lon qilingach, Novosibirsk lagerlariga yuborishdi. O‘sha yerdan 1935 yilda ozodlikka chiqdim.

 - Siz O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 67- va 68-moddalari bilan ayblanayapsiz. O‘zingizni aybdor deb tan olasizmi?

 - Yo‘q, tan olmayman.

Bunday so‘roqlar 1941 yilning yanvar oyidan sentyabrning o‘rtalarigacha davom etdi. Bu orada bir nechta tergovchi almashdi. Lekin Rahim Shokirbekov o‘ziga qo‘yilgan birorta aybni tan olmaydi. Davlat xavfsizlik qo‘mitasi arxivida saqlanayotgan unga oid hujjatlardan ko‘rinib turibdiki, R.Shokirbekov 1935 yilda Novosibirsk lagerlaridan qaytgandan keyin ham muntazam ravishda NKVD nazoratida bo‘lgan. U avval asalarichilarni tayyorlash kurslarining, keyin Samarqanddagi kolxoz rahbarlarini o‘qitish maktabining mudiri qilib tayinlangan. Lekin “xalq dushmani” sifatida qamalgan, degan ayb bilan tez orada bu vazifalardan chetlashtiriladi. Shundan keyin Samarqanddagi 4-bolalar uyida xo‘jalik ishlari mudiri bo‘lib o‘rnashib, ikkinchi marta NKVD tomonidan hibsga olinguncha shu yerda mehnat qildi.

“Ivanova” laqabli NKVD xufyasi bo‘lgan ayol bergan ma’lumotdan: “Shokirbekovning xotini Yaurovaning aytishicha, u besh tilni bilgan – o‘zbek, rus, turk, fransuz va tojik tillarida bemalol yozib, gaplashgan. Samarqanddagi 8-bolalar uyi direktori Leщyenko, pedagogika bilim yurti xo‘jalik ishlari mudiri Ahtam Shokirov, Toshkentdagi bolalar uyi direktor Knishev, Samarqanddagi 4-bolalar uyi direktori Dunin bilan yaqin bo‘lgan”.

Yuqorida nomlari keltirilgan odamlarning birortasi ham guvoh sifatida so‘roq qilinganda unga qarshi hech qanday gap aytmagan. Bu odamlar R.Shokirbekovni halol va rostgo‘y, har jihatdan toza odam sifatida ta’riflashadi.

Shokirbekov shaxsi NKVDni u 1935 yilda qamoqdan chiqqan paytdan boshlab qiziqtirganini shundan ham bilsa bo‘ladiki, Akmal Ikromovni 1937 yil 10-12 oktyabr kunlari tergov qilgan NKVD xodimi undan R.Shokirbekov haqida so‘raydi. A.Ikromov “Men Rahim Shokirbekovni Maorif xalq komissarligi xodimi sifatida bilardim”, deya qisqa javob beradi.

Turli yolg‘on-yashiqlar bilan (balki tazyiqlar, jismoniy azoblar tufaylidir) uning boshiga mag‘zava to‘kishga intilganlar ham topilgan. Shulardan biri Qamchinbek bo‘lgan. 1941 yil may oyida u Rahim Shokirbekov bilan yuzlashtirilganda tergovchining “Shokirbekovni inqilobgacha Qo‘qon shahrida ko‘rganmisiz?” degan savoliga “Uni men Qo‘qondagi “G‘ayrat” do‘konida 1917 yilning ikkinchi yarmida ko‘rganman. Ushbu do‘kon “Ittiloh va taraqqiy” tashkiloti tomonidan ochilgan edi”, deb javob beradi. Lekin R.Shokirbekov uning bu gapini butunlay rad etadi. “Men O‘rta Osiyoga faqat 1920 yil yanvarda qaytganman-ku!”, deya javob beradi.

U butun vujudi, kuchi bilan bu noo‘rin ayblovlarni keskin rad etar, tergovchilar to‘qigan barcha yolg‘onlarni fosh etishga intilardi. 1941 yil 3 martda O‘zSSR NKVDsi tergovchisi, Davlat xavfsizligi leytenanti Barishev chiqargan qarordan: “Tergov paytida tergovchiga nisbatan qo‘pollik qilgani uchun Rahim Shokirbekov besh kunga hibsxona karseriga tashlansin”.

Yana shu tergovchi tomonidan 1941 yil 4 martda tuzilgan dalolatnomadan: “Said Nosirov bilan yuzlashtirish chog‘ida Rahim Shokirbekov unga qarata “Sen hamisha yolg‘on-yashiq to‘qigan odamsan. 1930 yilda ham noto‘g‘ri gapirib, ko‘plarning boshiga balo yog‘dirgansan. Sen iflos, muttahamsan” dedi. Ushbu dalolatnoma shu haqa tuzildi”.

U o‘zini Mahmud Hodiyev (Botu), Sobir Qodirov, Botir G‘ulomov, Usmon Salimiy, Narzulla Inoyatov, Mannon Ramzi, Lutfulla Alaviy bilan yuzlashtirishini talab qildi. Lekin uning bu talabi rad etildi. Bundan kelib chiqadiki, Rahim Shokirbekovning 1930 yilda u bilan birga sud qilinib qamalgan Botu, Botir G‘ulomov singari kishilar 1937-38 yillarda SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi tribunali tomonidan otuvga hukm qilinganligidan xabari bo‘lmagan.

Shu yerda Nosir Saidov 1941 yil 4 martda Rahim Shokirbekov bilan yuzlashtirilganda nima deb ko‘rsatma berganligiga to‘xtalib o‘tish kerak, deb hisoblayman. Mana u aytgan gaplardan parchalar: “Men Shokirbekov Rahimni Maorif xalq komissarligiga ishga kelganidan boshlab bilaman. U Maorif xalq komissarligidagi aksilinqilobiy-millatchilar guruhining faol a’zosi edi”.

“1927 yil avgust yoki sentyabr oyida men Nazrulla Inoyatovning xonadoniga taklif qilingan edim. Kelsam, uning uyida Shokirbekov va Ramzi o‘tirgan ekan. Ramzi shu yerda aksilinqilobiy tashkilotning maxfiy yig‘ilishini o‘tkazdi. Bunda tashkilot faoliyatini fosh qilgan mening akam Saidov Obidni o‘ldirish haqidagi masala muhokama etildi”.

Bu gaplardagi mantiqsizlikka qarang. Avvaliga, Nosir Saidov “Men Rahim Shokirbekovni Maorif xalq komissarligiga kelgandan buyon bilaman” demoqda. Holbuki, R.Shokirbekov bu komissarlikka 1930 yilning boshlarida kelgan. Keyin esa 1927 yilda Nazrulla Inoyatov xonadonida ular bilan akasini o‘ldirish rejasini birga muhokama etishganini aytayapti. Har qancha bo‘lmasin, ukasining oldida uning akasini o‘ldirish rejasini muhokama qilish hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Sakkiz oy davom etgan so‘roqlar, bu davrda boshidan kechirgan jismoniy va ruhiy azoblar ham uning irodasini sindirolmadi. O‘ziga qo‘yilgan birorta aybni tan olmadi. Lekin shunday bo‘lsa-da, SSSR NKVDsi huzuridagi Alohida kengash 1941 yil 16 sentyabrda “Rahim Shokirbekov sovetlarga qarshi tashkilot faoliyatidagi ishtiroki uchun 8 yilga mehnat-tuzatish lageriga qamoqqa yuborilsin”, degan qaror chiqardi.

Shundan so‘ng uning Qozog‘iston hududidagi turli qamoqxonalarda sargardonlik kunlari boshlandi. U Aktyubinsk, Aralsk, Qarag‘anda lagerlarida kunlarini hibsda o‘tkazdi. R.Shokirbekov u yerlarda ham halol mehnat qildi. Buni 1947 yil 20 iyulda 21-mehnat-tuzatish koloniyasi boshlig‘i Kurovning yuqori organlar uchun unga berilgan tasnifnomasi ham ko‘rsatib turibdi: “Mahbus Rahim Shokirbekov Aktyubinsk kombinatidagi lagerga 1942 yil 5 avgustda keltirildi. Lagerda bo‘lgan davri davomida o‘zini yaxshi ishchi sifatida ko‘rsatdi. Yuqori ko‘rsatkichlari tufayli lager ma’muriyati tomonidan bir necha marta rag‘batlantirildi.

1946 yil 20 apreldan hozirgi paytgacha u Aralsk shahridagi 21-mehnat-tuzatish koloniyasida saqlanmoqda. Bu yerda ham halol va vijdonan mehnat qildi. Shu davr ichida lager tartiblarini buzganligi uchun tanbeh yoki jazo olmagan”.

1947 yil 15 iyulda R.Shokirbekov SSSR Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Alohida kengash nomiga “1930 yildagi ish bo‘yicha ikkinchi marta nohaq qamalganligini” aytib shikoyat xati yozadi. Lekin Alohida kengash uning shikoyatini asossiz, deb topadi va rad javobini beradi. Bundan ilgari, 1947 yil mart oyida xuddi shunday shikoyat bilan O‘zSSR Davlat xavfsizligi vazirligiga ham murojaat qilgan edi. Mana, unga O‘zSSR Davlat xavfsizlik vazirligi tergov bo‘limining 2-bo‘linmasi boshlig‘i o‘rinbosari, katta leytenant Borisov imzosi bilan yo‘llangan javob xatidan parcha: “Shokirbekovning uning ishini qayta ko‘rib, qamoqdan ozod qilishlarini so‘rab bergan arizasi asossiz, deb topilsin va rad etilsin”.

Nihoyat, 1948 yil kirib keldi. Bu uning qamoqdagi oxirgi yili bo‘lishi kerak edi. Chunki 1949 yil yanvar oyining boshlarida jazo muddati tugardi. Ammo sovet tuzumining o‘ziga nisbatan dushanlikda ayblangan kishilarni ozodlikka chiqarish niyati yo‘q edi.

SSSR Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik vazirligi, SSSR Prokuraturasi Markaziy Komissiyasining 1948 yil 10 iyunda o‘tkazilgan majlisi bayonnomasidan ko‘chirma: “1941 yil 15 sentyabrda SSSR NKVDsi huzuridagi Alohida kengash tomonidan sovetlarga qarshi tashkilot faoliyatidagi ishtiroki sababli 8 yilga qamalgan Rahim Shokirbekov xavfli davlat jinoyatchisi sifatida Ichki ishlar vazirligining alohida lagerida saqlash uchun o‘tkazilsin”.

Shundan keyin uni Qarag‘anda viloyatining “Jezqazg‘an-Rudnik” qo‘rg‘onidagi qamoqxonaga yuborishdi. 1949 yil 2 fevralda Davlat xavfsizlik vazirligi Qarag‘anda viloyati boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Xamidullin Moskvadan quyidagi ko‘rsatmani oldi: “Rahim Shokirbekov qamoq muddati tugashi bilan surgunda saqlash uchun Qarag‘anda shahriga, Davlat xavfsizlik boshqarmasi ixtiyoriga yuborilsin”. Uni muddatsiz surgunni o‘tashga Qarag‘anda viloyati Nurin tumanining Morozovka qishlog‘iga jo‘natishdi.

Kichik qizi Elianora Rahimovna Shokirbekova xotiralaridan: 

 - Men otamni birinchi marta 14 yoshimda ko‘rganman. Biz opam Svetlana bilan faqat uning albomda saqlangan suratlarini ko‘rib o‘sdik. Onam, otamning onasi Toji buvim bizga u kishi haqida ko‘p so‘zlab berishardi. Faqat Stalin vafotidan keyin surgundagilarning oila a’zolariga ulardan xabar olish, uchrashishga ruxsat berildi. 1954 yil mart oylarida onam meni olib, Qarag‘andaga jo‘nadi.. Opamni ham olib borishga balki puli yetmagandir... Qarag‘andaga poyezdda, keyin Nurin tumani markaziga ot-aravada, Morozovka qishlog‘iga esa bir rus boboyning ot qo‘shilgan chanasini yollab, 60-70 kilometr yo‘l bosib borganmiz. Otam bizni qishloqqa kiraverishdagi tanishining uyida kutib o‘tirgan ekan. Uch kun birga bo‘lganmiz. U kishining qamoq azoblari, og‘ir mehnat tufayli jussasi kichrayib, bo‘yi men tengi bo‘lib qolgandi. Suhbatlarimizda “Endi katta o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Men va menga o‘xshaganlarning ozod bo‘lishiga ko‘p qolmadi”, deb takrorlardilar.

Faqat bu o‘zgarishlarni, ozodlik onlarini u yana ikki yil kutishga majbur bo‘ldi. 1956 yil fevral oyida Moskvadan kelgan xatni olgandan keyingina o‘n besh yilga cho‘zilgan bu g‘urbatlar ortda qolganiga ishondi.

Mana ushbu rasmiy xatning tarjima qilingan mazmuni:

“Qarag‘anda viloyati Nurin tumani, Morozovka qishlog‘i, Shokirbekov Rahimga

Shuni ma’lum qilamanki, SSSR Bosh prokurori o‘rinbosari keltirgan raddiyaga asosan, O‘zSSR Oliy Sudining Jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov kollegiyasi 1956 yil 9 yanvarda 1941 yilda siz qamoq jazosiga hukm qilingan jinoiy ishni qayta ko‘rib, uni O‘zSSR Jinoyat-protsessual kodeksining 2-moddasiga muvofiq harakatdan to‘xtatdi.

Bu ish bo‘yicha Siz to‘la oqlandingiz.

Maxsus ishlar bo‘yicha prokuror                   /Proxorov/”

Shu tariqa jami 20 yil umrini qamoqxona va surgunlarda o‘tkazgan Rahim Shokirbekov 55 (ba’zi hujjatlarda 57) yoshida oilasi bag‘riga qaytdi. Sovet hukumati esa unga oxirgi ish joyidagi maoshidan ikki oyligini to‘lab berishga qodir bo‘ldi, xolos. Lekin g‘urbatda o‘tgan, nohaqlikdan, OGPU, NKVD deb atalgan mash’um tashkilotlar tomonidan to‘qilgan asossiz ayblar tufayli aziz umrining bir qismini xorlikda kechirishga majbur bo‘lgan insonning ichki iztiroblarini qaysi mezon, qancha pul bilan o‘lchash mumkin? Yillar davomida o‘g‘lining yo‘liga ko‘z tikkan, uning kelishini kutib, har kuni hovli oldidagi kursida o‘tirgan va farzandining diydorini ko‘rolmay joyida jon bergan onasi Toji Yo‘ldoshovaning ko‘nglida ketgan armonlarini-chi?

1982 yil SSSR tashkil topganligining 60 yilligi va 1984 yil yanvarda O‘zSSR tuzilganligining 60 yilligi arafasida Shokirbekovning xotiralarini Samarqand viloyatining “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida chop etganmiz. Bundan tashqari, Rahim Shokirbekov o‘zi bosh bo‘lib tashkil etgan Urush va mehnat faxriylari Samarqand shahar kengashini 1962 yildan 1984 yilgacha uzliksiz boshqardi. Shu sababli turli tadbirlarda u kishi bilan ko‘rishib turardik. Rahim Shokirbekov 1984 yil may oyida vafot etdi. Lekin bu kamtarin, katta-yu kichikka hamisha mehribon, ko‘ngli toza insonning xotirasini ko‘plab katta yoshdagi samarqandliklar hamon eslab yurishadi.

Muzaffar MUQIMOV,

SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.