Guvohnomaning amal qilishini tiklash avtomatik tarzda bajariladi
7 may kuni saytimizda “Bo‘ldi ajab hangomalar: “Mahalla” jamg‘armasining soliqdan qarzini XDP to‘lashi kerakmi?” sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi mazkur maqola yuzasidan quyidagicha izoh berdi:
"Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 595-sonli qarorining 1-ilovasi bilan “Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarini soliq organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.
Mazkur Nizomga muvofiq, soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning faoliyati avtomatlashtirilgan tizim orqali tahlildan o‘tkazilishi va soliq xavfining yuqori, o‘rta hamda past darajalariga ajratilishi belgilab qo‘yilgan.
Tizimda, faqatgina soliq xavfining yuqori darajasiga tushgan soliq to‘lovchilarning QQS guvohnomalari ushbu kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar avtomatik ravishda vaqtincha to‘xtatilishi (nofaol) belgilangan.
Bunda, soliq to‘lovchining rahbari bir vaqtning o‘zida boshqa soliq to‘lovchida (yuridik shaxsda) rahbar bo‘lib, ushbu soliq to‘lovchida soliq qarzi mavjud bo‘lganda soliq xavfi yuqori darajaga tushadi.
O‘zbekiston XDP Samarqand viloyat Kengashining rahbari B.Nasriyev muqaddam Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashining rahbari bo‘lgan.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashida penya summalari to‘lanmasdan qolgan. Natijada, soliq xavfi yuqori darajasi sifatida dasturiy mahsulda shakllangan.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgandan (mavjud soliq qarzi va penyasini to‘lash) so‘ng, soliq organi tomonidan bir kun ichida guvohnomaning amal qilinishini tiklash avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.