Hafta davomida qanday ob-havo kuzatiladi?
“O‘zgidromet” markazining xabar berishicha, bugun va ertaga yurtimizda juda iliq va quruq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati 20-25 daraja, mamlakatimiz shimoli, janubi va cho‘l zonasida 26-28 darajagacha isiydi.
Chorshanba kuni ham yurtimizning katta qismida ob-havo avvalgidek yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida Kaspiy dengiz hududidan nam havo oqimining kirishi sababli kechasi va ertalab ayrim joylarga kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati bir oz pasayadi va 18-23 darajani tashkil qiladi.
Payshanba kuni mamlakatimizda ob-havoning quyoshli bo‘lishi va haroratning 23-25 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Juma va shanbada O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududidan yana nam havo oqimi kiradi. Natijada shimoli-g‘arbiy va janubi-g‘arbiy tumanlarda 20 mart kuni, markaziy, janubiy va sharqiy tumanlarda 21 mart kuni ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi. Shamolning tezligi soniyasiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Shu kunlarda havo harorati 18-23 darajagacha pasayadi.