"Haj-2025" mavsumi boshlandi

Bu yilgi Haj mavsumida viloyatimizdan 930 kishi 19 guruhga bo‘linib, muborak ziyoratni amalga oshiradi.
Ellikboshilar bilan jami 950 nafar samarqandlik Haj amallarini bajarib qaytadi. Ular joriy yilning 26-28 may kunlari Samarqand xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugun ertalab birinchi maxsus aviareysda 245 nafar ziyoratchi jo‘nab ketdi.
- Yoshim 70 dan oshgan, - deydi bulung‘urlik Dilorom aya Safarova. – Ko‘p yillardan beri muborak ziyoratni amalga oshirishni orzu qilardim. Bundan bir necha yil ilgari, koronavirus pandemiyasi davrida yoshga doir cheklovlar qo‘yilganda hoji bo‘lish armonga aylanishi mumkinligini o‘ylab, rosa siqilgandim. Ammo keyinchalik cheklovlar bekor qilinib, mana bu yilgi mavsumda muborak ziyoratni amalga oshirish nasib etganidan xursandman. Ibodatlar chog‘ida bugungi saodatli kunlar uchun shukronalar aytib, Allohdan yurtimizga fayzu baraka, xalqimizga farovonlik, farzandlarimiz baxti, kamolini so‘rashni niyat qilganman.
“Haj – 2025” mavsumida samarqandlik ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 4 ta maxsus aviareys yo‘lga qo‘yilmoqda.
To‘lqin SIDDIQOV.