Halol mehnat ham ibodat

Muborak ramazon oyi eshik qoqib turibdi. Shunday fayzli kunlar arafasida Jomboy tumani hokimi Q.Sobirov G‘azira mahallasidagi Vali bobo ziyoratgohida nuroniy oqsoqollar, mehnat faxriylari va faollar bilan uchrashdi.
Ushbu qadamjo o‘rta asrlarda yashab o‘tgan tasavvuf allomasi Shayx Xudoydod Vali nomi va faoliyati bilan bog‘liq. Rivoyat qilishlaricha, Shayx ilmi ortidan topgan barcha daromadini el-yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lida sarf etgan. Undan meros qolgan adabiy-ilmiy asarlarda ham bunyodkorlik, xalqparvarlik, mehnatsevarlik ulug‘lanadi.
Uchrashuvda bunday ulug‘ ajdodlarimizdan ibrat olish, ularning ezgu g‘oyalarini bugungi kunda ham davom ettirish haqida so‘z yuritildi.
– Ramazon oyi xalqimiz uchun xayrli amallar, ezgu ishlar mavsumi ekani bilan qadrli, – dedi hokim. – Bir jihatni unutmasligimiz kerak. Halol mehnat ham ibodat sanaladi. Uyimizda, oilamiz bilan birgalikda tomorqamizni yashnatib qo‘ysak, ro‘zg‘orimiz ham obod bo‘ladi, savobga ham ega bo‘lamiz. Diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin, degan hikmat bejiz aytilmagan.
Mehnat faxriylari haqiqatan ham ayrim hududlarda aholi mavsum yumushlarini o‘z holiga tashlab qo‘yganini qayd etishdi. Bu borada targ‘ibot ishlarini kuchaytirib, o‘zlari ham shaxsiy namuna ko‘rsatishlarini bildirishdi.
Uchrashuv davomida qo‘y so‘yilib, mahallada istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.