Ham tasvirchi, ham muxbir, ham rejissyor bo‘lgan jurnalist
Bu gap O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda viloyat teleradiokompaniyasi hamkorligida faxriy teleradio jurnalisti Abdusamad Ibrohimovning 60 yilligi munosabati bilan “Umrimning yarmi televideniye bilan” deb nomlangan uchrashuvda bot-bot takrorlandi.
Viloyat televideniyesida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda so‘z olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev, faxriy telejurnalist Dilbar Voseyeva, Dilmurod Ismatov ijodkorning chorak asrdan ko‘proq vaqtini jurnalistik faoliyatiga bog‘laganini e’tirof etarkan, ish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan qiziqarli voqealarni ham esga olib o‘tdi.
– Abdusamad aka bilan yigirma yildan ko‘proq vaqtdan buyon birga faoliyat olib boryapman, – deydi viloyat teleradiokompaniyasi direktori o‘rinbosari D.Ismatov. – U kishini haqiqiy zamonaviy ijodkor, ya’ni o‘z kasbining professionali deyishga to‘laqonli haqimiz bor. Negaki, o‘zi teleoperatorlikni ham, muxbirlikni ham, hatto rejissyorlikni ham bir vaqtda olib boradi. Sport tadbiri deymizmi, harbiy sohaga oid tadbirmi va boshqalari bo‘lsin, o‘zi tavsirga olib intervyu ham tashkil etadi. Bunaqa holat televideniyeda kamdan kam bo‘ladi. Bu kabi xislatlari, albatta, bugungi ulg‘ayib kelayotgan shogirdlarga katta ibrat maktabi bo‘lmoqda.
Uchrashuvda ishtirok etgan ustozlar, hamkasblari, yaqinlari, do‘stlari Abdusamad Ibrohimovning o‘sha davr bilan bog‘liq ishdagi, ayniqsa, o‘zi bilan bog‘liq qiziqarli voqealarini, bilganlarini boshqalarga ham ulashishdek qobiliyatga ega ekanligini, kamtarligini ta’kidladi.
Ijodkorga matbuotga qo‘shgan hissasi uchun uyushma viloyat bo‘limining hamda televideniyening tashakkurnomasi va sovg‘alari topshirildi.
Husan Eltoyev.