Hamma tadbirkor bo‘lolmaydi. Nega?
Ha, ko‘pchilik tadbirkorlik qilishni, o‘z biznesi, ishlab chiqarishiga ega bo‘lishni istaydi. Bu istak zamirida jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lish, vaqtiga o‘zi egalik qilish kabi istaklar va, albatta, manfaatdorlik yotadi.
Haqiqatan ham shunday: odamlar tadbirkor bo‘lishni xohlaydi. Biroq har qanday tadbirkorlik jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi. Orzuni ro‘yobga chiqarish uchun barcha xatarlarni (risklarni), mehnat qiyinchiliklarini va vaqt resurslarini baholash, majburiy xarajatlarni hisoblash kerak. Xo‘sh, tadbirkorlikni ochish uchun ishni nimadan boshlagan ma’qul?
Soha yetakchilarining tajribasiga ko‘ra, birinchidan, yo‘nalishni aniqlab, nimani yaxshi tushunishingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Shunda yangi g‘oyalarga ega bo‘lishingiz va ehtimoliy xatolarning oldini olishingiz mumkin. Asosiysi, o‘zingizni va vaqtingizni bag‘ishlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlik sizni xursand qilishi kerak. Bu sizning tadbirkorligingiz foydasi uchun xizmat qiluvchi asosiy sabablaridan biri. Bozorni sinchkovlik bilan kuzatib boring, qaysi mahsulot yoki xizmatlar mijozlaringiz orasida mashhur bo‘lishini, raqobatchilar nimani taklif qilishini va o‘zingizning kuchli tomonlaringizni tahlil qiling. Shuni esda tutingki, tovarlar yoki xizmatlarning arzonligi yagona afzallik bo‘lmasligi kerak.
Ikkinchidan, biznes-reja batafsil tuzilgan bo‘lishi va siz taqdim etayotgan xizmatlar bozori yoki siz ishlab chiqarish va sotishni rejalashtirgan tovarlar tahlilini o‘z ichiga olishi kerak. Tadbirkorligingizning raqobatdosh ustunliklarini, qaysi reklama vositalaridan foydalanishingizni, kelgusida yuzaga keladigan xarajatlar va boshqa muhim ma’lumotlarni batafsil hisoblang. Agar siz tadbirkorlikni endigina boshlayotgan bo‘lsangiz, ishingizga kattaroq joy ehtiyojini sezguningizgacha uyda ishlashni o‘ylab ko‘ring. Shunday qilib, siz binolar, mebellar va boshqa ko‘p narsalarning ijarasidan tejab qolasiz.
Uchinchidan, tadbirkorlikni yangi boshlaganingizda, kredit yoki qarz olishdan yiroq bo‘ling. Kichik bo‘lsa ham, o‘z kapitalingiz bilan boshlashga harakat qiling, chunki tadbirkorlik muayyan xavflarni o‘z ichiga oladi. Agar boshlagan ishingiz o‘xshamasa, siz tadbirkorligingizni yopishingiz va kredit to‘lovlarini to‘lashingiz kerak bo‘ladi.
Muvaffaqiyatga oson va tez erishishilmaydi
Ish boshlayotgan ko‘p tadbirkorlar o‘z bizneslarini boshlashlari bilanoq hamma narsa soat mexanizmiga o‘xshab yurib ketishi kerak, deb o‘ylaydi. Ammo tadbirkor qiyinchiliklar va umidsizliklarga tayyor bo‘lishi kerak.
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, negadir odamlar o‘z biznesini rivojlantirishga qattiq mehnat qilishdan ko‘ra kimningdir biznesida yuqori lavozimga erishish uchun ko‘proq harakat qilishga tayyor. Masalan, o‘zingiz hozirgi mavqeingizni egallash uchun qancha vaqt va kuch sarflaganingizni eslaysizmi? Universitetda o‘qish yillari va qo‘shimcha kurslar, amaliyotlar, jamoada ishlash va rahbarlar bilan muloqot qilish qoidalarini o‘rganish, kasbiy mahoratni doimiy ravishda oshirish va hokazo. Shunday ekan nima uchun o‘z biznesiga ega bo‘lish insonga oson tuyuladi?
Tadbirkorlik aslida kapital sarflab, tovar va xizmatlar yaratish bilan foyda topishga qaratilgan iqtisodiy faoliyat, biznesning asosiy turi. Tadbirkorlik noyob qobiliyat, yer, mehnat, kapital, axborotlar bilan bir qatorda iqtisodiyot va ishlab chiqarishning bosh omillaridan biri hisoblanadi. Tadbirkorlik biznesga kiradi, lekin har qanday biznes tadbirkorlik bo‘lavermaydi. Biznesda tovar va xizmatlar yaratilib, bozordagi talab qondirilganda tadbirkorlik faoliyati yuzaga keladi.
Tadbirkorlik qachon paydo bo‘lgan?
Tadbirkorlik tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalsa-da, bu tushunchasi XVIII asrda paydo bo‘lgan va ko‘pincha “mulkdor” iborasi bilan bir ma’noda qo‘llanilgan. Xususan, Adam Smit tadbirkorni foyda olish uchun biron-bir tijorat g‘oyasini amalga oshirish maqsadida tavakkalchilik bilan ish ko‘ruvchi mulkdor, deb tavsiflaydi. Hozirgi zamon g‘arb adabiyotida ham tadbirkorlik foyda olish maqsadida xo‘jalik yuritish san’ati, iqtisodiy va tashkiliy ijodkorlik va tashabbusning erkin namoyon bo‘lishi, novatorlik, xavf-xatarga doim tayyor turish kabi belgilar bilan tavsiflanadi.
Tadbirkorlik bozor talabiga ko‘ra mustaqil iqtisodiy faoliyat olib borish, foyda olishdan iborat maqsadga ega bo‘lish, iqtisodiy mas’uliyat va majburiyatni o‘z zimmasiga olib, tavakkaliga ish qila bilish, yangilikka intilish, belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilish, tadbirkorlik sirini saqlash, ijtimoiy mas’uliyatni his etish, ya’ni o‘z jamoasi, xalqi farovonligini ta’minlashni o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishi deb bilish va boshqa tamoyillarga tayanadi. Tadbirkorlik biznes sifatida, asosan, sanoat, agrar va servis sohalarida kechadi va mulkiy jihatdan 4 xil ko‘rinishga - davlat tadbirkorligi, xususiy tadbirkorlik, jamoa tadbirkorligi va aralash tadbirkorlikka bo‘linadi. Ish ko‘lami jihatidan kichik, o‘rta va yirik tadbirkorlik mavjud. Ular bir-biridan kapital mikdori, ishlovchilar soni, yaratilgan mahsulot va xizmatlarning bozor qiymati (hajmi) va olingan foyda miqdoriga qarab farqlanadi.
Dunyoda tadbirkorlar soni qancha. Bizda-chi?
Yer yuzida tadbirkorlik bilan aholining 8-10 foizi shug‘ullanadi, xolos. Masalan, Xitoyda 2002 yillarda aholining 12,5 foizi tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.
Statistika agentligining ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilda yurtimizda ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 344 mingdan ortiqni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 609 mingtaga yetgan. Endigi vazifa xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish, bu orqali mamlakatda 2026 yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini kamida 2 barobarga qisqartirish, minglab ishsiz yoshlarga yangi ish o‘rinlari yaratish lozim.
Yurtimizda ishbilarmonlikni rivojlantirish borasida gap ketganda tadbirkor Zafar Hoshimov “Bizda tadbirkor bo‘lish oson, buning uchun maqsad sari intiluvchan, qiziquvchan, o‘ziga ishonuvchan, sharoitlarga tez moslashuvchan bo‘lish sifatlarini o‘zida mujassam etsa yetarli”, degan fikrni bildiradi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimovga ko‘ra, muammo tadbirkorlar soni kamligida emas, balki mavjud korxonalarning juda kichikligida.
- Dunyoda eng ko‘p tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan jamiyatlar Uganda, Misr, Iordaniya hisoblanadi, - deb yozadi B.Hoshimov. - Ularda aholiga nisbatan tadbirkorlar soni AQShdagidan ko‘p. Ularda 35 foiz odam tadbirkor, AQShda bu ko‘rsatkich (tadbirkorlik so‘ziga qanday ta’rif berilishiga qarab) 4,5-6,5 foizni tashkil etadi. Lekin AQSh Ugandadan boyroq. Rivojlanayotgan dunyoda asosiy muammo qaysidir odam tadbirkorlik bilan shug‘ullanish yoki shug‘ullanmasligida yoki uni tadbirkorlikka undashda emas.
Bizda firmalarning hajmi oshishi kerak. Tadbirkorlarni subsidiyalar va davlat xarajatlari orqali rag‘batlantirish siyosati esa bunga aks ta’sir qiladi. Ya’ni, bankdagi bor moliyaviy resurslar samaradorligi eng past insonlarga subsidiyalar orqali arzonroqqa tarqatilmoqda. Resurslar eng kerak bo‘lib turgan tadbirkorlarga berilmayapti. Maqsadimiz yurtimizda tadbirkorlar sonini ko‘paytirish emas, mamlakatni boy qilish bo‘lishi kerak. Albatta, mamlakatlar tadbirkorlar orqali boy bo‘ladi. Lekin masala shundaki, mamlakatdagi barcha odamlar tadbirkor bo‘lib qolsa, mamlakat boyib qolmaydi”.
Har bir kishi o‘zida mavjud iqtidordan kelib chiqib tadbirkorlik yo‘nalishini tanlashi kerak. Yana savdo brendi, do‘kon, firma, kompaniya va hokazolarga nom qo‘yayotganda qisqa, talaffuzga qulay jarangdor, esda qolarli, imkoni boricha, yettitagacha harfdan iborat bo‘lgan nomlar tanlansa yaxshi bo‘ladi. Bu dunyo marketologlarining o‘rganishlari natijasida aniqlangan. Agar nomlar o‘z tilimizda bo‘lsa yana ham yaxshi. Chunki siz va biz bilgan dunyo brendlari ham o‘z tillarida biror ma’noni anglatadi yoki ism-sharifining qisqartmasidan olingan. Shu bois, savdo brendingiz, avvalo, ichki bozorda ishonchni oqlab, mashhur bo‘lishi kerakligini hisobga oling.
O‘ktam Xudoyberdiyev.