Haqini bilgan huquqidan ayrilmaydi - “Temurbeklar maktabi”ning “quvilgan” o‘qituvchisi vazifasiga tiklandi
Nafisa Saydaliyeva (ism, familiyalar shartli) SamDU fizika fakultetining bakalavr, magistratura bosqichlarini tamomlab, 2014 yil 5 fevralda harbiy litseyda o‘rindoshlik asosida fizika fanidan yetakchi o‘qituvchi vazifasiga ishga qabul qilingan. Keyinroq, aniqrog‘i 2017 yilda bosh o‘qituvchi lavozimiga o‘tkazilgan. Keyingi ikki yilda kafedra mudiri vazifasida ishlagan.
Prezident qaroriga asosan litsey “Temurbeklar maktabi”ga aylantirilgach, o‘quvchilar soni va darslar kamayib ketishi tufayli pedagog kadrlarni qisqartirish bo‘yicha o‘qituvchilar tanlov asosida olinishi haqida ogohlantirish xati berilgan. Hamma mashmasha shundan keyin boshlangan.
2019 yil 21-22 avgust kunlari o‘tkazilgan tanlovda barcha qatori N.Saydaliyeva ham qatnashib, undan o‘ta olmagan. Maktab direktori 13 nafar tanlovdan o‘tmagan xodimlarga o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishni talab qilgan.
Nafisa Saydaliyeva ariza bermagan, aksincha, tanlov Nizom talablari asosida o‘tkazilmaganligi haqida Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Uning arizasi harbiy prokuratura tomonidan o‘rganib chiqilgan va 28 avgustda takroran tanlov o‘tkazilib, N.Saydaliyeva yana undan o‘tolmaganligi sababli noloyiq deb topilib, bu haqda bayonnoma tuzilgan. Shu asosda mehnat shartnomasini bekor qilish belgilangan va 11 oktyabrda maktab direktorining buyrug‘i bilan bayonnoma asos qilinib, uni ishdan bo‘shatishgan.
Endi Nafisa Saydaliyeva ushbu buyruqni g‘ayriqonuniy deb topish, avvalgi ishiga qayta tiklash, belgilangan tartibda majburiy bekor yurgan davri uchun ish haqini undirib berishni so‘rab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat qilgan. Ishni ko‘rib chiqqan sud hal qiluv qarori bilan da’vo talablarini rad etgan.
Biroq da’vogar N.Saydaliyeva tomonidan hal qiluv qaroriga nisbatan apellyasiya shikoyati keltirilib, unda hal qiluv qarorini bekor qilib, ishga tiklash va majburiy progul uchun haq undirish haqida yangi hal qiluv qarori chiqarish so‘ralgan.
Amaldagi qonun hujjatlarida tanlov faqat ishga qabul qilishda mehnat shartnomasini tuzishdan avval o‘tkazilishi lozimligi va tanlov bo‘sh (vakant) bo‘lgan ish joylariga e’lon qilinishi qayd etilgan.
Nizoli holatda da’vogar Nafisa Saydaliyeva akademik litseyda 2014 yildan beri ishlab kelayotgan o‘qituvchi ekanligi, shu bois tanlov unga emas, balki yangi ishga qabul qilinadigan o‘qituvchilarga nisbatan qo‘llanilishi lozim. Shu sababli tanlovdan o‘ta olmaslik mehnat shartnomasini bekor qilish uchun mustaqil asos bo‘la olmaydi (mazkur asos Mehnat kodeksida ham nazarda tutilmagan).
Bundan tashqari, ish hujjatlaridagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tomonidan 2018 yil 18 yanvarda berilgan “Pedagog kadrlarning attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risida”gi sertifikatga ko‘ra, N.Saydaliyeva 2017 yil 31 avgustda fizika fanidan attestatsiyadan o‘tgan.
Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 apreldagi qaroriga ilova sifatida tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedogog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 5-bandiga ko‘ra, attestatsiya o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari pedagog kadrlari uchun har uch yilda bir marta o‘tkaziladi (hozirgi kunda mazkur Nizom yangi tahrirda qabul qilinib, attestatsiya o‘tkazish muddati 5 yil qilib o‘zgartirilgan).
Yuqoridagilarga ko‘ra, sudlov hay’ati bayonnomani javobgarning bajarayotgan ishiga malakasi yetarli emasligini isbotlovchi dalil sifatida inobatga olmaslikni lozim, deb hisobladi.
Apellyasiya instansiyasi sudi ish yuzasidan quyidagi tahrirda yangi hal qiluv qarori chiqarish lozim, deb topdi:
Nafisa Saydaliyeva “Temurbeklar maktabi”ga nisbatan buyruqni g‘ayriqonuniy deb topish, ishga tiklash va majburiy bekor yurgan davri uchun ish haqi undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi qisman qanoatlantirilsin.
“Temurbeklar maktabi”ning 2019 yil 11 oktyabrdagi buyrug‘ining N.Saydaliyevaga tegishli qismi g‘ayriqonuniy deb topilib, u ushbu maktabdagi fizika fani o‘qituvchisi lavozimiga tiklanishi belgilandi.
Maktabdan da’vogar foydasiga majburiy bekor yurgan davri uchun 18 million 32 ming 51 so‘m undiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, litseydan davlat foydasiga 1 million 167 ming so‘m davlat boji undirilsin.
Sh.RAMAZONOV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.