"Har bir amalimiz bilan yoshlarga ibrat bo‘laylik!"

Samarqand davlat universiteti Faxriylar kengashi universitet nuroniy professor-o‘qituvchilariga murojaat bilan chiqdi.

Prezidentimiz va davlatimiz Vatanimizning ertasini belgilaydigan ta’lim rivoji uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan. Yurtimiz tinch, mamlakatimiz obod. Pensiyamizni to‘liq olayapmiz. Yana qancha ishlasak, shunga yarasha maosh ham ta’minlangan. Shunday bir sharoitda zimmamizda faqat bir narsa – shukrona aytib, el-yurt haqqiga, yo‘lboshchimiz va rahbarlarimiz haqqiga duolar qilib yashash qoladi, deyiladi murojaatda.

Hayotda ko‘pni ko‘rgan, ikki tizimni bir-biriga taqqoslay olish imkoniyatiga ega bo‘lgan har birimiz bugun ana shu tuyg‘u bilan yashash barobarida, xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga keyingi yillarda olib borilayotgan va hayotimizda hech qachon bo‘lmagan islohotlarning, bunyodkorlik ishlarining, ilmiy-ma’rifiy yuksalishlarimizning mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishimiz kerak bo‘ladi.

Ongli hayotimizning eng mas’uliyatli, huzurbaxsh, ayni paytda, mashaqqatli qismi auditoriyalarda, laboratoriyalarda va kutubxonalarda o‘tdi. Hozir ham baholi qudrat bu ezgu ishlarni davom ettirib turibmiz. Biz bundan unumli foydalanib, mahallalarda, turli tadbirlarda, to‘y-marosimlarda, dars jarayonida, oilamizda yoshlarimizga, farzandlarimizga manfaatli gaplarimizni aytaylik, bisotimizdagi ilmimizni ularga qoldirish harakatida bo‘laylik. Hatto yurish-turishimiz, kiyinishimiz, gapirishimiz ham ma’naviyat, odob namunasi bo‘lib, yoshlarimizning yodida bir umrga saqlanib qolsin! Ular bizni ustoz sifatida hamisha yaxshilik bilan yodga olsin!

Tobora keksayib, amallarimiz qiyinlashib borayotgan bir paytda umrimiz davomida misqollab yiqqan obro‘ni to umr nihoyasigacha saqlab turish oson ish emas, ibrat bo‘lish esa bundan ham qiyin. Ammo, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, har birimiz o‘zimizga munosib, oqsoqollik rutbasiga loyiq amallarni qilib, yuraylik! Zero, umrimizning bezagi ana shu ezgu amallar bilandir.