Har bir ota-onaning voyaga yetmagan bolalarining oldidagi huquq va majburiyatlari qanday bo‘lishi lozim?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV-bobi “Oila” bobi bo‘lib, ushbu bobga muvofiq, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi hamda jamiyat va davlat muhofazasidaligi hamda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanliklari davlatning bosh qomusida bejizga belgilab qo‘yilmaganligidandir.

Hozirgi vaqtda, oila qurgan yoshlar hattoki o‘rta yoshdan katta jamiyat fuqarolari tomonidan eng achinarlisi o‘z farzandlarini sotish holatlari hamda turmushdan erta ajralish darajalari juda ko‘payib ketayotganligi turli ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan statistik ko‘rsatkichlarda yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. 

Jamiyatning har bir oila a’zosi, ya’ni oilaning ota-onasi Konstitutsiya va qonunchiligimizda oilaning hamda oiladagi farzandlarning o‘rni, har bir oiladagi ota-onalarning o‘z huquq va majburiyatlarini tubdan ongli ravishda tushunib yetmog‘i lozim. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega, bola manfaatlariga zid bo‘lgan holatlar bundan mustasnoligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu bilan birga, bola o‘z ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi, o‘z manfaatlari ta’minlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishi huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. 

Har bir ota-onaning mas’uliyatini oshirish va oilaviy munosabatga nisbatan mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan ota-onalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga binoan jazo choralari belgilab o‘tilgan.

Jumladan, Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi, bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilishi, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan jarima solishga sabab bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Har bir ota-ona o‘ziga quyidagi belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik oqibatida ota-onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha ham choralar ko‘rilishi qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan.

Bular jumlasiga, ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;

uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;

ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa;

muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;

o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Agarda ota-onalik huquqidan mahrum etilgan ota-onalarga nisbatan, kelgusida shu bolaga nisbatan bo‘lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan ta’minot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum bo‘lishi, shu bilan birga Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmasligi belgilab qo‘yilgan.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizning Konstitutsiyasi va qonunlarida bola manfaatini himoya qilish bo‘yicha yetarlicha asosli hujjatlar mavjudligini e’tiborga olgan holda har bir oila, ota-ona o‘z farzandlarining kelajagi bo‘yicha qayg‘urishlari, mazkur qayg‘urishlar bilan kelajakda yurtning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga o‘z oilaviy hislatlari bilan eng katta hissa qo‘shgan bo‘lar edilar.

Maqolaning boshida keltirib o‘tilganidek, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi har qanday ota-onaning mas’uliyatsiz bo‘lishiga har bir ota-ona yo‘l qo‘ymasligi bo‘yicha chuqur xulosa qilishlari bo‘yicha teran anglab yetmog‘i lozimdir.

Furqat Anarov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi sudyasi.