Har birining jihozi uchun 35 ming dollar sarflangan reanimobillarga brigadalar tashkil qilinmagan

O‘tgan hafta viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida qayd etilishicha, Qo‘shrabot, Nurobod, Kattaqo‘rg‘on, Jomboy, Oqdaryo va Toyloq tuman tibbiyot birlashmalariga to‘liq jihozlangan reanimobillar ajratilgan. Lekin mutasaddilarning beparvoligi sabab reanimatsion brigadalar tashkil qilinmagan.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, har bir reanimobil jihozi uchun 35 ming AQSh dollari miqdorida davlat mablag‘lari sarflangan.

Samarqand shahridan tashqari barcha tuman va shahar tez tibbiy yordam bo‘limi dispetcherlik xonalarida statsionar toifadagi faqat bitta telefon apparati tez tibbiy yordamni chaqirishning yagona “103” raqamiga ulangan, xolos. Endi, chaqiriqlar ko‘paygan, tig‘iz vaqtlarda tez tibbiy yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilayotgan fuqarolarning ahvolini tasavvur qilavering.

Tez tibbiy yordam mashinalariga balansida 312 ta avtomashina bo‘lgan “Ixtisoslashtirilgan avtotransport” davlat korxonasi xizmat ko‘rsatadi. Jami 1390 ta xodim ishlaydigan korxonada mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmagan. Korxona ishchi-xodimlari o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Oqibatda tez tibbiy yordam mashinalari bilan o‘nlab yo‘l-transport xodisalari sodir bo‘lgan.

Xususan, korxona haydovchisi G‘.Uzoqov bilan yuz bergan yo‘l-transport hodisasi haydovchining o‘limi bilan tugagan. Bundan tashqari, 2 ta tez yordam mashinasi qayta tiklanmaydigan holatga kelgan va davlatga yetkazilgan zararni bugungi kungacha undirish choralari ko‘rilmagan.

Viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan bir kunlik o‘rganish natijalariga ko‘ra, korxonada 34 million 826 ming 377 so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Korxona rahbari tomonidan mehnat qonunchiligiga amal qilinmagan, vakant ish o‘rinlari yashirilgan.