Har uch mahallaga bir inspektor bu lavozim odamlarga qanday manfaat keltiradi?

Prezidentimizning 2021 yil 6 maydagi “Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Urgut, Bulung‘ur hamda Past Darg‘om tumanlarida mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha Mahalla markazlari tashkil etilgan edi.
Qayd qilingan qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 iyundagi “Mahallabay ishlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu asosda qolgan shahar va tumanlarda ham Mahalla markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mahalla markaziga 9 nafar shtat birligi ajratilib, har 3 ta mahallaga bittadan inspektor biriktirildi. Bu orqali mahallabay-xonadonbay ishlash tizimi joriy etildi.
Tabiiy savol tug‘ilish mumkin, tizimning afzalliklari nima, inspektorlar odamlarga qanday manfaat keltiradi?
Birinchidan, mazkur tizim mahalladagi har bir oila, har bir fuqaro bilan individual ishlash imkonini beradi. Bunda har bir fuqaro bilan suhbatlashish va undagi mavjud muammolarni yaqindan o‘rganib, tezkorlikda tegishli choralar ko‘riladi.
Ikkinchidan, shu paytgacha aholi tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun bank va mahalliy hokimiyat orasida sarson edi. Endi tadbirkorlik qilish istagini bildirgan fuqaro inspektorlar yordamida o‘z faoliyatini boshlashi mumkin.
Uchinchidan, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qish istagini bildirgan fuqarolar mahallabay ishlash inspektoriga murojaat qiladi. Inspektor zarur hujjatlarni tayyorlab, kelgusida daromad topishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishda o‘qishiga ko‘maklashadi.
To‘rtinchidan, inspektorlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi bilan individual tarzda ishlaydi. Ulardagi mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bandligini ta’minlash hamda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun tegishli ishlarni amalga oshiradi.
Beshinchidan, mahallada o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasida aholining bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zamonaviy asbob-uskunalar hamda mini texnologiyalarga bo‘lgan xohish-istaklar aniqlanadi. Bugungi kunda inspektorlar yordamida mazkur ro‘yxatdagi fuqarolar haqiqatda muhtojligi o‘rganilib, ularga asbob-uskunalar tarqatilmoqda. Natijada, aholi tadbirkorlik, hunarmandchilik orqali o‘zini o‘zi band qilmoqda.
Oltinchidan, mahalladagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etish maqsadida inspektorlar yordamida ijtimoiy ob’yektlar, shuningdek, ta’mirlashga muhtoj ijtimoiy ob’yektlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, Mahalla markazlari orqali tuman va shahar hokimlariga yetkazilmoqda. Tegishli dasturlar asosida mazkur ob’yektlarni ta’mirlash choralari ko‘rilmoqda.
Yettinchidan, inspektorlar xorijda mehnat faoliyatini yuritayotgan, o‘qiyotgan fuqarolarni aniqlab, zarur hollarda amaliy yordam berish choralarini ko‘radi.
Zafar Rahimov,
viloyat iqtisodiy taraqqiyot va qambag‘alikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.