Har yili 2,5 million musulmon boradigan Haj safariga bu yil 10 ming kishiga ruxsat berilishi mumkin
Kamida 2,5 million musulmon boradigan haj safariga joriy yilda faqatgina 10 ming nafar odamga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda 23 iyun kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Saudiya Arabistonining Haj va Umra ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad Saloh ma’lum qildi.
“Joriy yilda hojilar soni keskin cheklanishi mumkin va bu raqam ehtimol o‘n ming nafardan oshmaydi. Bu faqat ichki haj bo‘ladi, xorijiy fuqarolar uchun istisno qilinmaydi”, deya ta’kidladi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hojilar xorijiy dipmissiyalar bilan birga saralab olinadi. Ularning barchasi koronavirusga test tahlili topshiradi va haj safari yakunlanganidan so‘ng 14 kunlik karantinga joylashtiriladi. Haj vaqtida ularning salomatligini shifokorlar guruhi nazorat qilib boradi.
Koronavirus bilan kasallanish soni bo‘yicha Saudiya Arabistoni arab davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi. U yerda 161 mingdan ortiq koronavirus holati qayd etilgan. Mamlakatda bir necha haftadan buyon bir sutkalik kasallanish holati 3 ming nafardan pastga tushmayapti. Saudiya Arabistonida koronavirus oqibatida jami 1307 nafar bemor vafot etdi va 105 mingdan ortiq bemor tuzaldi.