Harbiy xizmatchi bo‘lish uchun ko‘p kitob o‘qish kerak...mi?

Serjant Temur Karimovning ota-bobolari xorazmlik. Lekin u Samarqand shahrida tug‘ildi. Otasi harbiy xizmatchi, onasi ham harbiy qismdagi kutubxonada mehnat qilgan. Oilaviy muhit sabab Temur bolalikdan harbiylikka qiziqib ulg‘aydi. Kasb taqozosi bilan turli viloyatlarda yashadi va ayni paytda Samarqand shahridagi harbiy qismda xizmat qilmoqda.

- Harbiy xizmatchi bo‘lish uchun ham ko‘p kitob o‘qish kerak, - deydi Temur. – Onam kutubxonachi bo‘lgani bois oilamizda kitobga mehr boshqacha edi. Badiiy kitoblarni, ayniqsa, “Temur tuzuklari”ni sevib mutolaa qilardim. O‘qiganlarim bugun xizmat davomida qo‘l kelyapti.

Temurning turmush o‘rtog‘i ham harbiy xizmatchi. Ular bir-biriga yelkadosh bo‘lib hayot kechirmoqda.

- 15 yildan buyon Qurolli Kuchlar safida xizmat qilaman, - deydi kichik serjant Hafiza Mirzaqulova. – Harbiylik meni Temur aka bilan uchrashtirdi. Ayol kishi uchun harbiylik oson ish emas, ammo turmush o‘rtog‘im ham shu sohada bo‘lgani menga qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yordam beradi. Xizmatda ham, oilada ham bir-birimizga ko‘makdoshmiz. Ikki farzandimiz bor. 8 yoshli o‘g‘lim ham harbiy bo‘lishni orzu qiladi. Kichik farzandimiz endigina bir yoshga to‘ldi. Ikkisi ham bizning izimizdan borib, Vatan himoyachisi bo‘lishidan umidvormiz.

To‘lqin Siddiqov.