Harbiy xizmatchilar Jomga bordi

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Samarqand garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida “Inson qadri ulug‘, xotirasi muqaddas” shiori ostida tadbir o‘tkazildi.

Harbiylar hamda o‘quvchi yoshlarning jangovar musiqa sadolari ostida tantanali yurishlari bilan boshlangan tadbirda tuman hokimligi, mudofaa ishlari bo‘limi, faxriylar va harbiy qism qo‘mondonligi vakillari so‘z oldi.

Ular Ikkinchi jahon urushida bobolarimiz ko‘rsatgan jasorat va xalqimiz fidoyiligini esga olishdi hamda barchani yaqinlashib kelayotgan shonli g‘alabaning 76 yilligi bilan muborakbod etdi.

Tadbirda Samarqand garnizoni harbiy orkestr jamoasi hamda mahalliy san’atkorlar tomonidan kuy va qo‘shiqlari ijro etildi. Harbiy xizmatchilar Ikkinchi jahon urushi manzaralarini aks ettiruvchi bir qator sahna ko‘rinishlari namoyish qilishdi. Faxriy qorovul vzvodining ko‘rgazmali va yurt himoyachilarining qo‘l jangi chiqishlari barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, aholi va yoshlarga milliy armiyamizda mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.