Elektr, gaz, ko‘mir ta’minoti: Havo bugun-erta iliq, ammo hali sovuq kunlar oldinda
Kunlar isib, sovuqning zabti ancha pasaydi. Biroq, bu holat hali ham aholining elektr energiyasi va tabiiy gazdan bo‘lgan cheklovlariga o‘z ta’sirini o‘tkazgani yo‘q. Aniqrog‘i, cheklovlar davom etmoqda. Joylarda kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari avariya oqibatlarini bartaraf etmoqda.
Bir necha kun ilgari Toyloq tumanidagi “Bog‘izog‘on” podstansiyasidagi yonib, shikastlangan 16 000 kilovoltlik (kV) o‘rniga 20 000 kV transformator keltirilib, o‘rnatish ishlari olib borilayotganligi xususida xabar bergandik. Hozirda Toyloq va Urgut tumanlaridagi 20 ta mahallada elektr energiyasi yetkazib berish tiklandi.
- Bugungi kunda Urgut tumanidagi Boybul mahallasida elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida zarur ishlar olib borilyapti, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali direktori o‘rinbosari Eldor Mamasoliyev. - Transformator punktiga qo‘shimcha 160 kV transformator punkti hamda havo elektr uzatish tarmog‘iga 94 dona temir beton tayanchlari o‘rnatish ishlari bajarildi. Shuningdek, havo elektr uzatish tarmog‘ining 3,5 kilometrga kabellar tortildi. Hozirda mazkur hududda yakuniy montaj ishlari olib borilmoqda. Belgilangan ishlar yakunlangach, yuzga yaqin aholi xonadonlarida elektr energiyasi sifati yaxshilanadi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi “Shohi Zinda” podstansiyasidan chiquvchi 6 kV kabel tarmog‘ida kuzatilgan nosozlik bartaraf etildi.
Ishtixon tumani elektr ta’minoti korxonasi tomonidan Chaqar, Bog‘ixon, Bo‘ronxo‘ja, Chag‘atoy, Do‘stlik, Toytuyoq va Chimqo‘rg‘on mahallalarida 314 ta yangi tayanch ustunlari va turli quvvatdagi 7 dona transformator punktlari o‘rnatildi. Ayni vaqtda “Ishonch” podstansiyasidagi kuzatilgan nosozlik soha mutaxassislari tomonidan bartaraf etilmoqda.
Jomboy tumanida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgan ayrim tadbirkorlar borligi aniqlandi. Ular tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan tarmoqdan uzildi.
Viloyatdagi 8 ta ko‘mir ombori va 4 ta mavsumiy shoxobcha orqali bir kunda aholiga 322 tonna, mavsum boshidan buyon esa 79 ming 218 tonna ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berildi.
- Urgut, Qo‘shrabot, Paxtachi, Payariq kabi olis tumanlarga 20 ming tonna, sharoiti og‘ir mahallalardagi oilalarga qariyb 22 ming tonna ko‘mir yetkazib berildi, - deydi “Ko‘mir ta’minot” MChJ viloyat filiali bosh mutaxassisi Sherzod Davronov. - Bugungi kunda hududiy ko‘mir omborlarimizda 184 tonna ko‘mir zaxirasi bor. Ko‘mir aholiga taqsimotga asosan mahallabay tarzda tarqatilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlarimiz tomonidan 5 ming tonnadan ziyod import ko‘mir ham yetkazib berildi. So‘nggi kunlarda ko‘mir masalasida kelib tushgan 41 ta murojaatning barchasi to‘liq qanoatlantirildi. Shu kunlarda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan temiryo‘l orqali 3 ming 454 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib kelinadi.
“Hududgaz Samarqand” AJ viloyat filiali tomonidan iste’molchilarga kuniga rejaga nisbatan 42 tonna ko‘p suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Jumladan, 15 dekabr kuni 296,1 tonna, olis hududlardagi mahallalarga 12,7 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Jumladan, Narpay tumanidagi tabiiy gazga moslashtirilgan Ahillik mahallasidagi xonadonlarga 220 dona maishiy gaz ballonlari tarqatildi. Past Darg‘om tumanidagi 15 ta mahallaning 20 tadan xonadoniga 20 donadan, Ishtixon tumanidagi Orlot, Toytuyoq va Mirzaqul mahallalaridagi aholi xonadonlariga ham gaz ballon ajratildi.
Dilmurod To‘xtayev.