Haydovchining sarxushligi qanday aniqlanadi?

Avtomobilni boshqarayotgan shaxsni mastlik holatida deb hisoblashga yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan uning mastlik holati tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Quyidagi holatlar tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘ladi:
- haydovchining og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi;
- haydovchi bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi (chayqalib turishi);
- haydovchi nutqining buzilgani;
- haydovchi qo‘l barmoqlarining qaltirashi;
- haydovchi yuz terisi rangining sezilarli o‘zgargani.
Eslatma: Mastlik darajasi qondagi alkogol miqdorini o‘lchash orqali aniqlanadi. Qondagi alkogol miqdorini aniqlashga qaratilgan ilmiy yondashuvlar XX asrning 20 yillarida mazkur mavzu bo‘yicha bir qator o‘rganishlar o‘tkazgan shved tadqiqotchisi Erik Vidmark tadqiqotlariga asoslanadi. Uning asarlarida keltirilgan «Vidmark formulasi» usuli hozirga qadar alkogol konsentratsiyasini aniqlash uchun foydalaniladi. Qondagi alkogol konsentratsiyasi miqdorida promilleda (foizning o‘ndan biri) o‘lchanadi.