Hayot o‘tgan kunlar emas, balki esda qolganlaridir
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida shunday deganlar:
“Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa ulug‘ nasibani olibdi” (Abu Dardo roziyallohu anhudan Termiziy rivoyati).
Darhaqiqat, ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng odamlarni haqqa chaqiradigan, johillarga ta’lim beradigan, adashganlarni yo‘lga soladigan va bid’atlar xalq orasiga kirib kelishining oldini oladigan zotlardir. Ular shu bilan birga ushbu merosni kelgusi avlodga munosib tarzda uzatuvchi ustoz va murabbiylar hamdir.
O‘zbekiston islom ahlining ustozi, muqaddas dinimiz ma’rifati, ilmu ziyosini keng targ‘ib etuvchi, odamlarni solih amallar sari, tinchliksevarlikka, insonparvarlikka, ezgu ishlarga da’vat qilib, butun umrini ana shu sharafli ishga baxshida etgan Usmonxon Temurxon o‘g‘li Alimov hazratlari foniy dunyodan boqiy hayotga rixlat qildilar.
Inson dunyoga kelar ekan Alloh taolo ato qilgan umr ne’matini e’zozlab, hayotdan ko‘zlangan maqsadga erishishi lozim. Kimdir bu ne’matni behuda, zararli narsalarga sarf qilsa, ayrim insonlar uni yaxshilik va ezgulikka sarf etadi. Hatto dunyodan o‘tganidan so‘ng ham bu kabi zotlarning umr yo‘li kelgusi avlodga o‘rnak va saboq bo‘ladi.
Ustoz Usmonxon domla ana shunday zotlardan edi. Ziyoli oilada voyaga yetgan ustoz diniy ilmga bo‘lgan muhabbati bois dastlab Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, keyinchalik Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olganlar.
Mehnat faoliyatini Imom Buxoriy jome masjidida imom-noibi vazifasida boshlab, so‘ngra ushbu masjidning imom-xatibi sifatida xizmat qilgan. 2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili, bosh imom-xatibi bo‘lib faoliyat ko‘rsatdilar. 2006 yildan buyon esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgan edilar.
Suyukli Nabiyyimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam “Qiyomat kuni Odam bolasining qadami Robbi azza va jallaning huzuridan to U zot undan besh narsa haqida so‘ramagunicha uzilmas: umridan, uni nimaga sarflagani haqida; yoshligidan, uni nimada o‘tkazgani haqida; molidan, uni qayerdan kasb qildi-yu nimaga infoq qilgani haqida va ilmiga qanday amal qilgani haqida”, deganlar.
Marhum ustozimiz Allohning umr ne’matini O‘zi rozi bo‘ladigan amallarga sarf etdilar – yoshliklaridan ilm tolibi, mehnat faoliyatida esa faqat dinimiz rivoji, musulmonlar manfaati bilan mashg‘ullik.
Usmonxon Alimov Imom Buxoriy jome masjidida imom-xatib sifatida ishlab yurgan kezlari xalqimizning diniy ilmga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib, Payariq tumani hokimligi bilan kelishgan holda masjid qoshida diniy madrasa tashkil qilgan va o‘zlari ustozlik qilgan edilar. Ushbu ilm dargohi 2008 yilga qadar o‘rta maxsus bilim yurti sifatida faoliyat olib borib, bu yerda yuzlab olimlar, imom-xatiblar tayyorlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi sifatida ish boshlashlari bilan mamlakatimizdagi diniy yo‘nalishda ham ko‘plab yutuqlarga erishildi. Hatto bu muvaffaqiyatlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etildiki, ko‘plab xalqaro islom uyushmalari tomonidan u kishiga unvon va martabalar berildi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqola muallifi hisoblanadi. Jumladan, u kishining “Tafsiri Irfon”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Hazrati Imom”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo‘’jizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “So‘ragan edingiz” kabi asarlari chop etilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Qachonki odam bolasi o‘lsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: joriy sadaqadan, manfaat oladigan ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi”, deb aytganlari keltirilgan.
Hadisga muvofiq, hayot tarzini hazratimizning hayot yo‘llarida ko‘rishimiz mumkin. Masjid va madrasalarning tashkil etilishi joriy sadaqa, shogird va asarlar – manfaatli ilm va haqqiga duo qiladigan solih farzand – hazratimizning Qur’oni karimni hifz qilgan, ilm sohiblari bo‘lmish solih farzandlaridir.
Usmonxon ibn Temurxon hazratlari hayotda o‘ta samimiy, dono, taqvodor, kamtar inson edilar. Og‘ir, fitnali, munozarali vaziyatlarda ham bosiqlik va donolik bilan ish yuritar, adolat bilan qaror qabul qilardilar.
Donishmandlar “Hayot o‘tgan kunlar emas, balki esda qolganlaridir”, degan ekanlar. Mutafakkir olim, mufassir, muhaddis, tariqat peshvosi hazrat Usmonxon Temurxon o‘g‘illarining samarali va namunali hayoti biz va kelgusi avlod yodida saqlanib qoladi. O‘git va saboqlari, ilmiy asarlari yurtimiz musulmonlari uchun manfaatli bo‘ladi inshaalloh.
Alloh subhanahu vataola muftiy Usmonxon Alimov hazratlarini dini mubinimiz yo‘lidagi beqiyos xizmatlari, ilm-ma’rifat, ziyo tarqatish yo‘lidagi say’-harakatlarini husni qabul aylab, O‘z mag‘firati bilan siylasin. Qabrlarini jannat bog‘laridan qilib, oxiratlarini obod qilsin!
Zayniddin Eshonqulov,
viloyat bosh imom-xatibi.