Hayotini ilmga bag‘ishlagan inson

Ezgu maqsadlar bilan yashaydigan, farzandlari va do‘stlariga mehribon insonlarga havas qilamiz, ularning hayotini boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, yurish-turishi va fazilatlari ila tasavvuringizda muhrlanib qoladigan bunday toifa kishilar jamiyatning, mahalla-ko‘yning faxri, iftixori. Ustozimiz Olimjon Pardayev ham mana shunday e’tiroflarga loyiq inson edi.

Umri davomida ilm-u hunar o‘rganib, uni yoshlarga-da o‘rgatgan domla o‘ttiz besh yillik ilmiy va pedagogik faoliyati davomida Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti hamda Samarqand davlat universitetida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib bordi.

Olimjon Pardayev 1952 yilda Payariq tumani, Chelak shaharchasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, 1970 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining “Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi” fakultetiga o‘qishga kirdi. O‘qish davrida ixtisoslik fanlarini chuqur o‘rganib, “Sirtlarni o‘zaro kesishishining ba’zi bir usullari” mavzusida bitiruv malakaviy ishini himoya qildi.

1975 yilda yo‘llanma bilan Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutiga ishga keldi. Chizma geometriya va muhandislik grafikasi kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlashi barobarida shu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullandi.

Kiyev milliy arxitektura va qurilish texnikasi universitetidagi aspiranturada tahsili davomida ustoz Olimjon Pardayev bu sohaga chuqurroq kirib bordi. U Moskva Aviatsiya texnika universitetida ham malaka oshirib kelgach, o‘rganganlari natijasi o‘laroq “Tashkilot standarti” (“Standart predpriyatiya”) o‘quv qo‘llanmasini yaratdi.

O.Pardayevning keyingi ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Samarqand davlat universitetida bilim va mahoratini, kuch-quvvatini “Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi” mutaxassisligi bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlashga bag‘ishladi. Ustoz O.Pardayev san’atshunoslik fakultetida o‘n uch yil katta o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Bu davr oralig‘ida texnika fanlari nomzodi, professor Hamid Uzoqov rahbarligida “Tasviriy san’at mutaxassislarini o‘qitishda chizma geometriya va muhandislik grafikasi fanini yangi zamonaviy konsepsiyasini ishlab chiqish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib borayotgan edi. Shu izlanishlar samarasi o‘larok, domla bitta o‘quv va oltita uslubiy qo‘llanma yaratdi, 14 dan ziyod ilmiy maqolalar yozdi.

- Oilada olti farzand bo‘lsak, Olimjon boshqacha fe’lli, nihoyatda madaniyatli xokisor inson edi,  - deydi opasi Mastura Pardayeva. - U ko‘p ishlasa-da, kuchli toliqish va og‘ir ruhiy kechinmalarni yengishga harakat qilardi.

- Olimjon aka kasbiga fidoyiligi, har bir vazifani sidqidildan bajarishi, Samarqand chizma geometriya, muhandislik kompyuter grafikasi va dizayn ilmiy maktabi rivojidagi xizmatlari bilan jamoa orasida katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ldi. Domla birovga qattiq gapirmas, ayoli va farzandlarini doim avaylardi, - deb xotirlaydi ustoz Ilhomjon Suvonqulov.

Bevaqt o‘lim domlani 58 yoshida oramizdan olib ketdi. Insonga baho berishda uning qancha umr ko‘rgani emas, balki bosib o‘tgan hayot yo‘lining mazmuni, xalq va jamiyatga tekkan nafi e’tiborga olinar ekan. Olimjon Pardayevning umr yo‘li, ilmiy izlanishlari ham mana shunday mazmunga egaligi bilan ham biz, shogirdlariga ibratdir.

Sherali Jumayev,

SamDU katta o‘qituvchisi.