Hayotiy hikoya: Mag‘lubiyatdan olingan saboq
3-sinfda o‘qigan paytlarim. Tovug‘imiz “kurk” bo‘lib, o‘ndan ortiq jo‘ja ochdi. Ular orasida patining rangi to‘q qizil-qora aralash bir xo‘rozcha gavdasi kichikroq bo‘lsa-da, “aka-uka”lariga nisbatan olg‘irroq, chaqqonroq bo‘lib ulg‘aya boshladi.
Qichqirib boshlar-boshlamas, uni "ring"ga o‘rgata boshladim. Mahalladagi qo‘ni-qo‘shnilarning xo‘rozlari orasida unga da’vogar qolmadi. Bir kuni qo‘shni mahallada yashovchi amakimning mendan to‘rt yosh katta o‘g‘li Maqsud “xo‘rozlar jangi”ga bizni taklif etib qoldi. Xo‘rozimni olib bordim. Maqsud akam, uning akasi Zohid akamlarning xo‘rozlarini birin-ketin shunaqangi dodini berdiki, u bilan faxrlanib ketdim.
Akamlarnikidan uyga kelguncha xuddi jahon chempionidek "uchib" keldik. Xo‘rozchamga boqsam, u ham mag‘rur, birdaniga ikki raqibni, yana o‘z uyida “yer tishlatgan”idan biroz charchagan bo‘lsa-da, g‘oliblik charchoqdan ustun kelardi. Uyga kelib, xo‘rozimni «oila»si bag‘riga qo‘yib yubordim, kerilib turib g‘olibona bir qichqirdi.
Bir kuni Maqsud akam “revansh”ga taklif qildi, xo‘rozimni olib bordim. Jang juda shiddatli, uzoq davom etdi. Bu - kuchi teng raqiblar to‘qnashuvi edi. Har ikki xo‘roz ham holdan toydi, ammo meni xo‘rozim biroz mag‘lubiyatni tan olgandek bo‘ldi.
Qanday uyga kelganimni bilmadim, yo‘l-yo‘lakay xo‘rozimning qoniga belangan holatiga qarab juda achindim. To‘q qizil, qora patlari qon rangi bilan aralashib, boshqa bir tusga kirgan edi.
Onam tandirda non yopayotgan ekan, harakatlarimdan nima bo‘lganini sezdi. "Bolam, urishtirmagin derdim senga, jonivor azoblanibdi-ku" dedi. Xo‘rozimni katakka qo‘yib yubordim, bu safar qichqirmadi, aybdordek o‘zini chetroqqa oldi.
Panaga o‘tib xo‘rsinib-xo‘rsinib yig‘lab oldim. Xo‘rozimni qiynaganim uchun o‘zimni juda yomon ko‘rdim. Shu bilan xo‘rozlar jangini bir umrga tark etdim.
Sherzod Suvonqulov.