Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmadi

Samarqandda 16-18 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining sud-huquq masalalariga oid sayyor qabullari o‘tkazildi.

Uch kunlik ochiq-jonli muloqotlarda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tumanlar sudlarida 121 nafar shaxsning ishlari ko‘rib chiqilib, ularning barchasi o‘talmay qolgan jazodan muddatidan oldin shartli ozod etildi.

Bir misol, toyloqlik Eldor Bahronov 2017 yil kuzida Turkiyaga ishlashga ketadi. Unga chet elga chiqish uchun 2019 yil 31 iyul kuniga qadar ruxsatnoma-stiker berilgan bo‘lsa-da, u 2020 yil 13 martga qadar Istanbulda qolib ketadi. Kamiga bu orada unga Turkiyada vaqtinchalik bo‘lish huquqini beruvchi hujjat muddati ham 2019 yil 30 noyabrda tugaydi. Bu muddatni yana uzaytirish uchun esa Eldor Turkiya chegarasidan bir chiqib qayta kirishi, lekin buning uchun, avvalo, mamlakatimizga kelib chet elga chiqish uchun ruxsatnoma-stikerini yangilashi lozim edi. Eldor esa bu tartibga rioya qilmay, 2019 yil 1 dekabr kuni Ozarbayjonning Boku shahriga borib, aeroportning o‘zidan yana Istanbulga qaytib keladi. Ayni shu xato 2020 yil 14 martda Samarqandga qaytgan Eldorga qimmatga tushadi. Samarqand xalqaro aeroportida chegara nazorati xodimlari bu qonunbuzarlikni aniqlab, tegishli tartibda rasmiylashtiradi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi 2020 yil 18 avgustda bu ishni ko‘rib chiqib, Eldor Bahronovga 1  yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlaydi. Bu yigit 18 oylik jazoning yarmidan ko‘pini tartib-intizom bilan o‘tadi, shu davrda u belgilangan qoidalarga qat’iy amal qildi, qonun chizig‘ini boshqa bosib o‘tmadi. Shu bois ham Toyloq tumani ichki ishlar bo‘limi taqdimnomasi asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudi bu ishni ko‘rib chiqib, Eldor Bahronovni o‘talmay qolgan jazodan shartli ravishda ozod etdi.

Shuningdek, qabul kunlari ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 27 ta ariza qanoatlantirildi. 93 ta tadbirkorlik sub’yekti yetkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy qoplagani uchun ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishlar  tugatildi, sayyor sud majlislarida 2 ta iqtisodiy ish ko‘rilib, tadbirkorlar foydasiga hal qilindi. Deylik, paxtachilik tadbirkor A’zam Mustafoyev 2018 yilda muqobil mashina traktor parkiga tegishli eski-yu ta’mirtalab binoni ijaraga olib, qariyb 600 million so‘m sarflab ta’mirlaydi, Xitoydan zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar olib keladi. Natijada binoyidek xususiy klinika ish boshlaydi. Lekin orada bu mulkning tuman hokimligi balansiga qaytarilib, kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilganidan tadbirkor bexabar qoladi. 2020 yil 9 oktyabrda Majburiy ijro byurosi bu mulkni elektron auksion savdosiga chiqargach, tadbirkor sarflagan mablag‘ining so‘rovini boshlaydi. A’zam Mustafoyevning ommaviy qabuldagi murojaatidan so‘ng Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi kuni kecha bu ishni ko‘rib chiqib, tadbirkorning huquqlarini tikladi: mazkur mulk ijarachining xarajatlari inobatga olinmasdan sotilgani uchun Majburiy ijro byurosi Paxtachi tumani bo‘limining qarori haqiqiy emas, deb topildi. Endi tadbirkor istasa auksionda qatnashib bu mulkni sotib oladi, agar boshqa shaxs bu mulkni xarid qilsa, unda A’zam Mustafoyevga qilgan xarajatlarini qoplab beradi.

Umuman, Samarqand viloyatida sud-huquq sohasi bo‘yicha tashkil qilingan uch kunlik ochiq-jonli muloqotlarda 1 ming 609 ta masala ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularning 466 tasi joyida hal qilindi, 363 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat, 195 ta murojaat egasiga tushuntirish berildi, 585 ta murojaat esa nazoratga olindi.

Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.