Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi
Adliya vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 20 yanvaridan 20 martiga qadar shu nomli huquqiy aksiya bo‘lib o‘tmoqda.
Aksiya doirasida Samarqand shahar Darg‘om mahallasida yashovchi Larisa Provotorovaga tegishli fuqarolik pasporti bo‘lmaganligi bois ikki nafar 2004 va 2008 yilda tug‘ilgan farzandlariga tug‘ilganlik haqida guvohnomalar rasmiylashtirilmaganligi aniqlandi. Ushbu holat nazoratga olinib, Samarqand shahar 1-son FHDYo bo‘limi tomonidan tegishli hujjatlar yig‘ishda amaliy yordam ko‘rsatilib, 2004 yilda tug‘ilgan Oksana Provotorova hamda 2008 yilda tug‘ilgan Bogdan Provotorovga tug‘ilganlik guvohnomalari rasmiylashtirib berildi.
Shuningdek, Quyi Xo‘ja soat mahallasida yashayotgan Sanobar Mamadaliyevaga tegishli fuqarolik pasporti bo‘lmaganligi sababli 2012 yilda tug‘ilgan farzandiga tug‘ilganlik haqida guvohnoma rasmiylashtirishda turli to‘siqlarga uchragani ma’lum bo‘ldi. Bu holat ham aksiya doirasida nazoratga olinib, tegishli hamkor tashkilotlar ko‘magida 2012 yilda tug‘ilgan Munisga ilk hujjat rasmiylashtirildi.
Inobat Boboqulova,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.