Hokim bitiruvchilarni ishga taklif qildi
Kecha Samarqand shahridagi yoshlar markazida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi A’zamxon Bahromov viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kattaqo‘rg‘onlik talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Hokim ayni paytda kattaqo‘rg‘onliklar oldida turgan muammo va kamchiliklar haqida gapirib, malakali, bilimli yosh kadrlarga ehtiyoj juda yuqori ekanini ta’kidladi. Tumandagi korxona va tashkilotlarga shijoatli, tirishqoq bitiruvchi yigit-qizlarni ishga taklif qildi.
– Ochig‘i, birinchi marta bunday tadbirda ishtirok etishim, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishining 4-bosqich talabasi Ma’mur Jumayev. – Juda erkin hamda samimiy suhbat meni ruhlantirib yubordi. Tumanimga oz bo‘lsa-da, xizmat qilish maqsadida suv va kanalizatsiya quvurlarining sxemasini tuzib berish taklifini aytdim. Tuman hokimi menga ishonch bildirib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Islombek YAXSHIMURODOV.