“Hokim kelyapti, chetroqda turinglar!” degan gap ortda qoldi
Ayni paytda Ishtixon tumani markazidagi istirohat bog‘i va xiyobonlar odamlar bilan gavjum. Sababi “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi festival bugun shu tumanda davom etyapti.
- Bundan o‘n yilcha ilgari kollej talabasi edim, - deydi Sirojiddin Abdullayev. – Sport yo‘nalishida o‘qirdim. Adashmasam, Navro‘z bayramida sport o‘yinlaridan namunalar ko‘rsatish uchun maydonga borgan edik. Bir payt biz tomonga bashang kiyingan 4-5 kishi yaqinlashdi. Ulardan oldinroqda 2-3 kishi, chetroqda turgan bo‘lsak-da, “Hokim kelyapti, chetroqda turinglar!” deya bizni yanada chetlatishdi. Biz, yoshlar hokim qaysi biriligini bilmay ham qoldik. Bashang kiyinganlar chiqishlarimizga e’tibor bermay o‘tib ketdi. Vaholanki, murabbiylarimiz sport o‘yinlarimizni hokim tomosha qilishini aytib, bir hafta tayyorlantirgandi. Bugun yoshlar festivalida tuman hokimi ukalarimizning yelkasiga qoqib, ular bilan qo‘l berib ko‘rishayotganini, hattoki ayrim yoshlar bilan shaxsan o‘zi bellashganini ko‘rib havasim keldi.
Ha, bugun tuman hokimi Fazliddin Ro‘ziyev yoshlar festivali doirasidagi hech bir tadbirni e’tibordan chetda qoldirmadi. Ayniqsa, armrestling va stol tennisi bilan shug‘ullanib kelayotgan professional sportchi yoshlar, shuningdek havaskorlar bilan do‘stona kuch sinashdi.
To‘lqin SIDDIQOV.