Bugun Samarqandda “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida viloyat yoshlar festivali boshlanadi
Festival 23-26 iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Festivalning birinchi kunida Samarqand shahridagi Amir Temur, Alisher Navoiy hamda Mirzo Ulug‘bek haykallari poyiga gullar qo‘yiladi.
Tadbirlar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ’’Street workout’’ hamda ’’Streetbol’’ bo‘yicha respublika final bosqichi bilan davom etadi.
Shuningdek, bugun Samarqand tumanidagi “Bog‘ishamol garden” bazmgohida viloyat sektor rahbarlari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Festivalning birinchi kuni ’’Mo‘’jiza’’ amfiteatrida tashkil etiladigan gala-konsert bilan yakunlanadi.
***
Festivalning ikkinchi kunida maktabning bitiruvchilari o‘rtasida 14 ta fandan “Viloyat hokimi olimpiadasi’’ o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Samaraqand davlat arxitektura-qurilish institutida viloyat hokimi va yoshlar uchrashuvi tashkil etiladi.
Shu kuni kechki payt ’’Mo‘’jiza’’ amfiteatrida O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestrining konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.
***
Festivalning uchinchi kuni, 25 iyunda “Azia Metall Prof” korxonasida viloyat hokimi va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari ishtirokida “Hokim va bitiruvchi yoshlar” uchrashuvi o‘tkaziladi.
Shu kuni Samarqand shahridagi “Yoshlik” istirohat bog‘ida turli ko‘ngilochar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. ’’Vatanparvar’’ bog‘ida esa sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etiladi.
Shuningdek, shahar bo‘ylab festival doirasidagi tadbirlar o‘tkazilib, kechki payt Sartepa massivida yakuniy gala-konsert tashkil etiladi.
***
Festivalning to‘rtinchi kuni Samarqand shahri Registon ko‘chasi, Universiteti xiyoboni va Alisher Navoiy ko‘chasi bo‘ylab “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda - birga yuguramiz” shiori ostida “Yangi nafas” yugurish marafoni festival doirasidagi tadbirlarga yakun yasaydi.