Hokim Senatda hisobot berdi

Avval xabar qilganimizdek, Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, keyingi uch yilda Prezidentimizning viloyatimizga 6 marta amalga oshirgan tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida 450 dan ortiq loyihalar tasdiqlanib, ularning ijrosi ta’minlanmoqda.

Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalarida mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlari eshitib borilgan. Mahalliy deputatlar tomonidan aholi bilan bevosita muloqot olib borish jarayonida, ularning murojaatlari bilan ishlash davomida ko‘tarilgan muammolarni hal etishga qaratilgan deputatlik so‘rovlari yuborilgan va ijrosi nazorat qilib borilgan.

Majlisda viloyatni rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim muammo va kamchiliklar borligi qayd etildi.

Oliy Majlisi Senatining ishchi guruhi tomonidan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni kompleks o‘rganish davomida 36 ta muammo va kamchiliklar aniqlangan. Ularning 15 tasi bevosita viloyat darajasida va 21 tasi respublika vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda hal etiladigan masalalarni tashkil etadi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida Oliy Majlis Senati o‘rganish yakunlari muhokama etilib, tegishli qaror qabul qilingan.

Qarorga asosan yuklatilgan vazifalarga mas’uliyatsizlik bilan yondoshganligi uchun Past Darg‘om tumani hokimining o‘rinbosari (O.Ablakulov) egallab turgan lavozimidan ozod etilib, viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i (Sh.Axmedov), Jomboy tumani hokimining o‘rinbosari (H.Hamrayev) ogohlantirildi.

Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Bugungi kunda aniqlangan kamchiliklarning 8 tasi hal etildi va 7 tasi bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, E.Turdimov pandemiyaning viloyatda iqtisodiyotiga salbiy ta’sirining ko‘rsatishini oldini olish borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi. Viloyatda epidemiologik vaziyat tufayli faoliyatini to‘xtatgan 529 ta sanoat korxonasining faoliyati tiklanib, 4 854 kishi o‘z ishiga qaytgan, o‘rinlari qayta tiklangan.

Iyun oyi yakuniga qadar yana 22 ta sanoat korxonasiining faoliyatini tiklash, 129 ta 25 foiz hamda 319 ta 50 foiz quvvatda ishlayotgan korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish orqali 1702 nafar xodimning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

O‘tgan 5 oy dvomida 241 ta investitsiya loyihalari ishga tushirildi va 812 ta kambag‘al fuqarolar ish bilan ta’minlandi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida viloyatda joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 6,7 trillion so‘ni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 3,6 foizga o‘sishi ta’minlandi.

Tashqi savdo aylanmasida jami eksport hajmi 89,3 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8,3 foizga oshdi. Hududiy investitsiya dasturlari doirasida joriy yilda umumiy qiymati 6,4 trillion so‘mlik 815 ta loyihalarni amalga oshirish va 11 395 ta yangi ish o‘rinlari yaratish belgilangan.

Yig‘ilishda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining ham axborotlari eshitildi.

Masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, viloyatda yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ularning ijrosi ustidan senatorlik nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.