Hokim topshirig‘i asosida paxtachida aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovning Samarqand shahrida tibbiyotchilar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan salomatlik haftaligida viloyatdagi ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarining 250 nafardan ziyod shifokor-mutaxassislari ishtirok etdi.
Tibbiy ko‘riklarda 17 ming nafarga yaqin fuqaro ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 9 191 nafarida turli xil kasalliklar aniqlandi. 7849 kishiga ambulator, 1342 kishiga statsionar sharoitda davolanish tavsiya qilindi. 427 nafar bemorga respublika va viloyatdagi tibbiyot markazlarida, 839 nafariga tuman tibbiyot birlashmasida davolanish uchun yo‘llanma berildi. Shuningdek, 76 fuqaro sanatoriy-kurort markazlarida sog‘lomlashtirish uchun tavsiya qilindi.
Tadbir davomida 86 nafar yakka-yolg‘iz, 1416 nafar nogiron hamda 172 nafar to‘shakda yotgan bemorlar holidan xabar olindi.
Viloyat tibbiyot muassasalari bosh vrachlari tomonidan tumanning "Hayit Elbegi", "Dehqonobod", "Xumor" qishloq oilaviy poliklinikalari va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika filiali hududlaridagi aholi maskanlarida fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etildi. Unda fuqarolardan kelib tushgan 75 ta murojaat bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Salomatlik haftaligida tumandagi barcha tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik ta’minoti hamda ulardagi mavjud tibbiy asbob-uskunalarning yaroqliligi ko‘zdan kechirildi. Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan tibbiyot birlashmasi shifokorlari uchun mahorat darslari tashkil etildi.
***
Haftalik yakunlangach, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov viloyatdagi barcha boshqarma va tashkilotlar, tibbiyot muassasalari rahbarlari hamda tuman shifoxonalari vakillari bilan uchrashdi hamda tibbiyot muassasalarida mavjud kamchiliklarni yana bir bor muhokama qildi.
Tadbirda tumandagi tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rganib chiqqan rahbarlar mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida takliflarini berishdi.
– Tumandagi Qo‘rg‘oncha qishlog‘i aholisiga "Qarnab" qishloq vrachlik punkti shifokorlari tibbiy xizmat ko‘rsatadi, – deydi viloyat endokrinologiya dispanseri bosh shifokori Gulzoda Negmatova. – Ammo aholining bu xizmatdan ko‘ngli to‘lmaydi. Chunki Qarnab va Qo‘rg‘oncha qishloqlari orasidagi masofa uzoq, shuningdek, yo‘lning 18 kilometri o‘nqir-cho‘nqirlardan iborat. Qo‘rg‘onchaliklar QVP shifokorlari xizmatidan yetarlicha foydalana olmayapti. Og‘ir bemorlarga, homilador ayollar va yosh bolalarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti. Shu bois mazkur qishloqda tibbiyot punkti qurilib, bitta tez tibbiy yordam mashinasi ajratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
– Tumanda onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash bo‘yicha mahalliy mutaxassislarning malakasi yetishmaydi, – deydi respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori, professor Mirjalol Jo‘rayev. – Tumanda asosan saraton oldi kasalligi, ayniqsa, xotin-qizlarda uchraydigan sut bezi, bachadon bo‘yni hamda oshqozon saratoni kabi xastaliklar ko‘p uchramoqda. Shuning uchun shifokorlarning onkologik kasalliklarni davolashda zamonaviy usullardan foydalanishlari uchun malakasini oshirish lozim. Shu paytgacha onkolog vrachlar Toshkent shahrida o‘z bilimlarini oshirib kelgan bo‘lsa, endi filialimizda ham qayta o‘qitish va amaliyotlarini tashkil etish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, tadbirda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasalarni mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash, sovuq kunlarda isitish tizimlarini bir maromda ishlatish va QVPlarda zamonaviy talablarga javob beradigan shart-sharoitlarni yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.