Hokimdan noutbuk so‘ragan ayol oldinroq uy ham olgan ekan
Samarqand shahridagi “Vatanparvar” bog‘ida o‘tkazilgan navbatdagi qabulda dastlab 270 nafarga yaqin murojaatchi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, soat 11:00 ga kelib ularning soni 770 nafardan oshib ketdi. Jarayonda har bir murojaatchi xohishiga qarab viloyatning birinchi rahbari yoki mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Jumladan, Samarqand tumanining Charboyi mahallasidan kelgan N.Saidmurodov oilasi 30 yildan buyon foydalanib kelayotgan yerda noqonuniy qurilish boshlangani, agar u yer maydoni auksionga chiqarilsa, sotib olishga tayyor ekanligini aytib murojaat qildi. Fuqaroning aytishicha, u bu masala bilan bir necha marta mas’ullar oldiga borgan, ammo ulardan qoniqarli javob ololmagan. Viloyat hokimi tuman mutasaddilariga qattiq ogohlantirish berib, noqonuniy qurilishni buzish hamda yerni qonunda belgilangan tartibda auksionga chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi.
Samarqand shahrining Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi G.Husainova boshchiligidagi mahalla faollari esa hokimdan ko‘chasini asfalt qilib berishni so‘radi.
— Ko‘chamizda 15 ta xo‘jalik istiqomat qiladi, - deydi G.Husainova. – O‘tgan vaqtda hashar yo‘li bilan undan oqova tizimini o‘tkazdik, ariqlar kovladik, shag‘al yotqizib, tekisladik. Faqat asfalt masalasida qo‘limiz “kalta”lik qilyapti. Hokimning oldingi qabulida ham qatnashgan edim. O‘shanda hokim obodonlashtirish boshqarmasiga murojaatimni ijobiy hal qilish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Lekin oradan shuncha vaqt o‘tdi hamki, ko‘chamizdan hech kim xabar olmadi.
E.Turdimov fuqaroning murojaatiga e’tiborsiz qaragan mas’ullarga nisbatan ma’muriy chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, aytilgan ko‘chaga bir hafta ichida asfalt yotqizilishi bildirildi.
Viloyat hokimining qabuliga bir masala bilan qayta murojaat qilib kelganlar ham bo‘ldi. Lekin ularning barchasi ham shikoyat emas. Aksincha, muammosi hal etilgani uchun mas’ullarga minnatdorchilik bildirish uchun kelganlar ham ko‘p bo‘ldi.
- Viloyat hokimi Kattaqo‘rg‘on tumanida sayyor qabul o‘tkazgan vaqtida mahallamni obod qilishda yordam so‘ragan edim, - deydi Past Darg‘om tumanining Boldir mahallasidan kelgan Uchqun Salomov. – Hokim o‘shanda “O‘zing uchun emas, mahallang uchun so‘rayapsanmi? Bu ishni kechiktirib bo‘lmaydi”, degandi. U so‘zida turdi, qisqa vaqtda mahallamizning ichki ko‘chalari asfaltlanib, yangi simyog‘ochlar o‘rnatildi, transformator ham yangisiga almashtirildi. Bu gal mahalladoshlarim nomidan minnatdorchilik bildirish uchun keldim.
Qabulda to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, nimanidir bo‘lib qolish ilinjida kelganlar ham oz emas ekan. Shunday fuqarolardan biri nogiron otasini yetaklab kelib, hokimdan bepul yer berishni so‘radi. Yer ajratish uning vakolatida emasligini bilgach, do‘kon qurib berishni talab qildi. Toyloqdan kelgan yana bir murojaatchi ayol esa singlisi uchun noutbuk so‘radi. Masalaning qiziq tomoni, u avvalroq arzonlashtirilgan uy-joy ham olgan ekan. Shundan keyin tuman hokimligi tomonidan 1 yildan ortiq vaqt davomida uning uy-joy uchun olgan ipoteka kreditining foizi to‘lab berilgan. Doimiy ravishda ijtimoiy yordan olib keladigan bu fuqaroning singlisi o‘qishga kirganda ham uning bir yillik kontrakt puli hokimlik tomonidan to‘langan. Shunday bo‘lsa-da, viloyat hokimi murojaatchini beumid jo‘natmadi. Yoshlar ishlari agentligi uning singlisiga kredit evaziga kompyuter olishda ko‘mak beradigan bo‘ldi.
Umuman olganda, tadbirda shunga o‘xshash, sharoitidan nolib, yordam so‘raganlar ko‘p bo‘ldi. Kimdir uyimni ta’mirlab ber desa, yana kimdir bepul uy ber deyishdan ham uyalmadi. Viloyat hokimi bunday murojaatlarni o‘rganish uchun tegishli tuman va shahar mas’ullariga yo‘naltirdi.
Sayyor qabul yakunida 20 avgust – Tadbirkorlar kuni munosabati bilan biznesdagi muvaffaqiyatlari hamda ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan bir guruh ishbilarmonlar taqdirlandi.
Asqar Barotov.