Hokimlarga ma’muriy chora ko‘rildi

Mazkur tadbirlar davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 2 nafar mas’ul shaxs ogohlantirilib, 1 nafar shaxsga nisbatan intizomiy, 79 nafar shaxsga ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.

Jumladan, Jomboy tumani hokimi U.Nazarov va Oqdaryo tumani hokimi F.Abilov Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosiga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Past Darg‘om tumani suv iste’molchilar uyushmasi boshlig‘i Q.Xalilov o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan holda “Zarafshon” MMTP hududidagi g‘alla maydonlarini sug‘orish uchun ajratilgan suvni nazoratsiz qoldirganligi sababli ma’muriy jazolandi.

Shu kabi nazorat tadbirlari davomida boshoqli don ekishni asossiz ravishda kechiktirgan Oqdaryo tumanidagi “Avnamas-saxovatli diyor”, “Dahbet ne’matlari”, “Oqdaryo Navro‘z hosili”, “Jasur Oripov”, “Chorbog‘ kelajak bog‘lari”, “Xusenov Maxsud hosili”, ”Maxsum Bog‘lari”, “Begoyim”, “Madina-bonu bog‘i”, “Dahbet Diyorbek g‘allasi”, “Baraka” fermer xo‘jaliklari rahbarlariga ham ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.

“Jomboy don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatining Urgut tuman don qabul qilish maskani mudiri Z.Mirzayev urug‘lik bug‘doyning muvofiqlik sertifikatini olmasdan tarqatgani aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil hosili uchun viloyatdagi 9 ming 628 fermer xo‘jaligi tomonidan 104 ming 249 gektar sug‘oriladigan maydonda g‘alla parvarishlanmoqda.

A.Xudoyorov, Bosh prokuratura huzuridagi agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.