Hokimlik bog‘i odamlarga nima beradi? Prokuratura bog‘i-chi?
Yozning issiq kunlarida kishi ko‘ngli, albatta, soya-salqin joylarni istab qoladi. Qayerdaki, daraxtzor, ya’ni yashillik bo‘lsa shu joyda salqin shabada esib turadi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasining maqsadi joylarda aynan ana shunday muhit yaratishga qaratilgan.
“Yashil makon” yaratishda, avvalo, keksalar yoshlarga, rahbarlar boshqa xodimlarga o‘rnak bo‘lishi kerak. Masalan, Payariq shaharchasida tuman hokimligi mas’ullari tomonidan bog‘ yaratilgan.
- Mazkur bog‘ 2024 yil bahor mavsumida tashkil qilindi, - deydi tuman ekologiya va atrof muhitni muxofaza kilish, iklim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Ro‘ziyev. – “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yaratilgan bog‘da 200 tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan.
- Bu yerga ekilgan Katalpa va Pavlovniya ko‘chatlarini yaxshi ko‘kartirib oldik, - deydi shu bog‘ parvarishiga mas’ul tashkilot - tuman obodonlashtirish boshqarmasining bosh muhandisi Nurali Odilov. – Ammo ekilgan ko‘chatlarning ayrimlari, masalan, archalar qurib qolyapti. To‘g‘ri, ariqdan oqib keladigan suv yo‘q, lekin maxsus mashina yordamida haftada ikki marta sug‘orib turibmiz. Mutaxassislar maslahati bilan kasalliklarga qarshi kurashish ishlarini ham olib boryapmiz.
Tumanda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2025 yil bahor mavsumida 906 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta nihollari ekilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, amalda 974 ming 300 tup ko‘chat o‘tqazilgan.
Shu yil bahorda tumanning Xalqobod mahallasi hududidagi 1 gektar maydonda prokuratura bog‘i ham yaratildi. Bu yerda 500 tup mevali daraxt ko‘chatlari parvarishlanyapti.
Agar ekilgan daraxt ko‘chatlari yaxshi parvarishlansa, bugun yaratilayotgan bog‘lar bir necha yildan keyin o‘z mevasini beradi, albatta.
Dilnoza AHMADOVA,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).