“Hududgaz”da murojaatlar maxfiy(mi?)
Harorat pasayishi bilan aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ortdi. Kun sovushi oqibatida qayerdadir gaz “yo‘qolib” qoldi, yana boshqa joyda nosozliklar kuzatildi.
Aholining shu kabi murojaatlarini o‘rganish va tezkor chora ko‘rish maqsadida viloyat hokimi farmoyishi bilan “Issiqlik manbai”, “Elektr tarmoqlari” va “Hududgaz” korxonalarida doimiy ishlovchi shtablar tashkil etilgandi.
O‘tgan 5 kunda mazkur shtablarga qancha murojaat bo‘ldi, ularga qanday yechim topilgan, nechta tezkor guruh tashkil etilgan, tumanlarda ahvol qanday, umuman, tabiiy gaz borasida qaysi raqamga murojaat qilish kerak, degan savollar bilan “Hududgaz Samarqand ” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh injeneriga murojaat qildik.
Bosh injener qisqa suhbatdan so‘ng 239-78-27 raqamli murojaatlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilishimizni aytdi. Bu raqam ichki murojaatlar uchunligi tufayli 239-78-02 raqamli telefonga qo‘ng‘iroq qilishimizni tavsiya etishdi. Ular esa 239-78-11 raqam aholi murojaatlari uchun tashkil etilgan doimiy ishlovchi raqam ekanligini bildirishdi. Bu raqamga qo‘ng‘iroqlarimizga “Hali murojaatlarni sanaganimiz yo‘q edi. Birozdan so‘ng qo‘ng‘iroq qiling, sanab, tasniflab, tahlili bilan aytamiz”, deb javob berishdi. Keyin esa rasmiy xat bilan chiqishimizni aytishdi.
Viloyat gaz idorasida murojaatlar tahlili shu qadar maxfiymi yoki boshqa gap bormi?