“HUMO” to‘lov tizimining afzalligi nimada?

Prezidentimizning 2018 yil 19 sentyabrdagi “Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining naqd pul muomalasini takomillashtirishga doir farmon va qarorlari asosida aholiga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari turlarini kengaytirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish uchun 2019 yil 1 iyulgacha naqd pulsiz milliy to‘lov tizimini joriy etish belgilangandi.
Hozirda viloyatimizdagi savdo va pulli xizmat ko‘rsatish korxonalariga UZCARD tizimida ishlovchi 18 ming 919 ta to‘lov terminali va 93 ta bankomat aholiga xizmat qilib kelmoqda. Endilikda aholiga naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirishda yanada qulayliklar yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish maqsadida “HUMO” milliy to‘lov tizimi ham joriy etildi. Bugungi kunda “HUMO” milliy to‘lov tizimida ishlovchi 18 ming 511 ta to‘lov terminallari olib kelinib, 15 ming 920 tasi savdo va pullik xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarga o‘rnatildi.
Plastik kartalardan foydalanuvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 184 ta “HUMO” bankomatlari olib kelinib, shundan 137 tasi viloyatdagi tuman va shahar markazlari hamda aholi gavjum joylarga o‘rnatildi hamda ular yetarlicha naqd pul mablag‘lari bilan ta’minlanmoqda. Viloyatimizdagi bank filiallari zaxirasidagi yana 47 ta “HUMO” bankomatlari ham yil yakunigacha o‘rnatiladi. Bundan tashqari, tijorat bank omborlarida 2 591 ta “HUMO” to‘lov terminallari zaxirasi yaratilgan va mijozlarning xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaati asosida o‘rnatib beriladi.
Endi ko‘pchilikni qiziqtirayotgan “HUMO” to‘lov tizimining afzalliklariga to‘xtalsam. Avvalambor, bu milliy to‘lov tizimi. Ikkinchidan, savdo amaliyotlarini bajarishda to‘lov terminali turli kartalarni qabul qiladi (Visacard. Mastercard, UnionPay va boshqalar) hamda ko‘p vaqt talab etmaydi. Plastik kartochka yo‘qolganda uni karta egasi mustaqil ravishda bank mobil ilovalari orqali to‘xtatishi yoki ishga tushirishi mumkin. Shuningdek, 50 ming so‘mgacha bo‘lgan to‘lov kodsiz amalga oshiriladi. Masalan, jamoat transportida belgilangan joyga plastik kartani yaqinlashtirish orqali qat’iy belgilangan yo‘l haqini to‘lash mumkin. Ayrim tijorat banklari tomonidan stiker va brosletlarga kartani biriktirish orqali plastik kartochka ishtirokisiz to‘lovni amalga oshirish xizmatlari ham joriy etilgan.
Plastik kartadan foydalanadigan fuqarolar va tijorat banklari mijozlariga eslatma sifatida shuni aytmoqchimizki, agarda savdo va pullik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida Sizning plastik kartangizdan mablag‘ olishni asossiz rad etish yoki savdo qoidalari buzulish kuzatilsa, darhol viloyat davlat soliq inspeksiyasining (66) 234-06-16 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling. Sizning murojaatingiz e’tiborsiz qolmaydi va qoidabuzar sub’yektlarga nisbatan tegishli chora ko‘riladi.
Furqat AHMEDOV,
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi pul-muomalasini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i.
Aziz TOYIROV,
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi mutaxassisi.