Huquqni ishonchli himoya qilish yetuk mutaxassislarni talab etadi
Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018 yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilinishi biznes sub’yektlarini jadal va barqaror rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Murojaatnomada Prezidentimiz yurtimizda tadbirkorlik nima uchun kutilgan darajada rivojlanmayapti, degan savolni o‘rtaga tashladi va buning sabablarini keltirib o‘tdi. Tadbirkorlik sub’yektlarini asossiz ravishda tekshirish holatlari ko‘payganligini jiddiy tanqid qildi. Noqonuniy tekshirishlar, xususiy biznes faoliyatiga asossiz aralashishga qarshi kurashni kuchaytirish lozimligini ta’kidladi. Shu maqsadda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozimligi va ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni 2 yilga to‘xtatish taklifini bildirdi. Shuningdek, tekshirishlar o‘tkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimiga o‘tish va uning nazorati Bosh prokuraturaga yuklatilgani ham tadbirkorlar huquqi ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi. Shu maqsadda Bosh prokuror boshchiligidagi nazorat qiluvchi organlar rahbarlariga har oyda namunali, faol tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni qiynayotgan muammolarni eshitish, qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rib borish vazifasi yuklatildi.
Albatta, fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qilish malakali va yetuk huquqshunos kadrlarni talab etadi. Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida bu masalaga ham alohida e’tibor qaratdi. Ayni paytda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga yuridik mutaxassislik bo‘yicha bir yilda 600 ga yaqin talaba qabul qilinishi, bu jami oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinadigan talabalarning atigi bir foizini tashkil etishini aytar ekan, davlatimiz va jamiyatimizning huquqshunos mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini umuman qondirmasligini ta’kiladi.
Bu borada Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv-metodik bazasini kengaytirish bilan birga, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishdagi yirik va nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish muhim vazifa etib belgilandi.
Prezidentimiz Murojaatnomasidagi vazifalarni hayotga tatbiq etish, ayniqsa, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish albatta, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Sitora NEGMATOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi.