Huzur nima?

Bu so‘zga lug‘atlarda "rohat", "farog‘at", "orom", "osoyish", "tinchlik", "quvonish", "halovat" kabi ko‘plab izohlar berilgan.

Garchi bu holatni har kuni boshdan (ko‘ngildan) kechirsak-da, uning mazmun-mohiyati xususida atayin fikr yuritmaymiz. Ehtimol, qizig‘i yoki foydasi yo‘qdir, chunki uni hamma - yaxshi ham, yomon ham birdek his qiladi.

Masalan, oqil kishi qilgan yaxshiligi bois xursand bo‘lgan kishining holatidan, g‘iybatchi esa tuhmat qilgan odamining azoblanishidan zavqlanadi. Hatto jinoyat qilgan kishi jazo muddatidan ozroq olib tashlashganda, baribir qamalishini bilsa-da,  qarindoshlarining huzur qilganini ko‘rganman. 

Huzurning ko‘rinishi turlicha:  yalqov-beg‘amligidan, olim yangi manba matnini izlashdan, hozirda esa ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqni "kovlash"dan, ayrim ayollar to‘yini dabdabali o‘tkazishdan, yana kimdir o‘ziga nohaqlik qilgan rahbarni feysbukda haqorat qilib olishdan taskin topadi. 

Yaxshi huzurning ham, yomon huzurning ham xumori bo‘ladi... 

Huzur aslida yashirib bo‘ladigan holat emas, aytaylik, sportchining g‘oliblik,  farzandlarimizning talaba bo‘lgandagi zavqiga o‘rganib qolganmiz. 

Ming afsuski, ba’zi nodonlar, ayniqsa kasbda ham, odamgarchilikda ham o‘rtamiyon odamlar kimningdir bevaqt o‘limidan, qiynalishidan, omadsizligidan huzur qiladi. Bu aslida huzur emas, pastkashlikdir. Xudo asrasin barchamizni bunday kechinmadan. Birovning dardidan huzurlangan kishi tez qariydi, o‘zi bilmagan holda yuragi kirlanib boraveradi. 

Chinakam huzurda tana yengil tortadi, qalb go‘zallashadi, shukrona yuzaga chiqadi, chehra go‘zallashadi, odamlar mehrli bo‘ladi, bu holat kishini yoshartiradi, ya’ni Hazrati Inson ko‘zga tashlanadi. Chunki bir kishining huzuri boshqalarga  ham huzur bag‘ishlaydi. Haqiqiy huzur ko‘ngildagi dog‘larni, gina va alamlarni tozalaydi.

Bugun og‘irimiz yengil bo‘layotganidan, bolalarimiz ko‘p tillarni o‘rganib, dunyoga chiqayotganidan zavqlanaylik, do‘stimiz, qo‘shnimiz, tanishimiz erishgan yutuqdan, kimgadir qilgan duolarimiz va yaxshiliklarimizdan huzur qilaylik.

Haqiqiy HUZUR shu bo‘ladi!

Farmon Toshev.