Sayyor qabul: sakkiz soatda 550 murojaat ro‘yxatga olindi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev tomonidan viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlari va boshqa mas’ullar ishtirokida Ishtixon tumanida sayyor qabul o‘tkazildi. 

Sakkiz soat davom etgan qabulda nafaqat Ishtixon tumani, viloyatning boshqa hududlaridan ham fuqarolar viloyat rahbarlariga o‘z murojaatlari, takliflarini bildirdi.

Misol uchun, Aziz Rabbimov qabulda o‘zi istiqomat qilayotgan mahalla aholisi nomidan ishtirok etdi. Gap shundaki, Ishtixon tumani Zarbuloq mahallasi aholisini bir necha yildirki ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo qiynab keladi. Viloyat rahbariga murojaat qilingach, ushbu masala hal etilib, aholining zaruriy ehtiyoji bo‘lgan ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoga yechim qilindi.

Fotima opa Donaboyeva o‘ziga tegishli dala hovlisining yarmini boshqa bir fuqaro zo‘rlik bilan egallab olganini bildirib, er-xotin ikkisi ham imkoniyati cheklangan shaxs ekanligi bois yerni qaytarib olishda ko‘mak so‘radi. Murojaatni tegishliligi bo‘yicha kadastr va boshqa tashkilotlar ko‘rib chiqib, masalaga qonuniy baho beriladigan bo‘ldi.

Samarqand shahar Beruniy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida savdo do‘konlari ochib, ko‘cha qismidan ham joy qo‘shib olib faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari qo‘shimcha qurilgan joylarni buzishni so‘rashayotganini bildirdi. Viloyat rahbari “Qurilish qilinganligi haqida hujjat bormi?”, deya tadbirkorlarga yuzlanganida ular “yo‘q”, deya javob berishdi. Shunda Adiz Boboyev endi bu kabi noqonuniy qurilishga chek qo‘yilishi, bunga qonun yo‘l qo‘ymasligini tushuntirdi.

Umuman, sayyor qabulda fuqarolar tomonidan bandlik, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uy-joy, moddiy yordam olish, ta’lim kontraktini to‘lashga ko‘maklashish, bank krediti ajratish, yashash sharoitlarini yaxshilash, subsidiyalar ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ishga tiklash, sud qarori ijrosini ta’minlash, tibbiy xizmatlar, shu jumladan, murakkab jarrohlik amaliyotlari orqali yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish kabi masalalarda murojaatlar qilindi.

Barcha murojaatlar tegishli tartibda ro‘yxatga olinib, yechimi vaqt va katta resurs bilan bog‘iq bo‘lmagan aksariyat masalalar joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga doir masalalar joyida soha mutasaddilariga yo‘naltirildi.

Tahlillarga ko‘ra, sayyor qabulda 550 ga yaqin murojaat ro‘yxatga olingan.