“H”va “X”ning farqiga qachon boramiz?

Taniqli xonanda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mahmudjon Azimovning O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf she’ri bilan aytiladigan, “Samarqandga borsam men agar...”, deb boshlanuvchi ashulasini necha o‘n yillardirki, maroq bilan eshitaman va hofizning shoir yaratgan so‘zlarini talaffuz etishdagi xatolari mutaxassis sifatida meni chuqur o‘yga toldiradi.

E’tibor bering, hofiz “nola” etmoqda: “Men shox emasman...” deb o‘z ashulasi ma’nosini tinglovchilarga yetkazmoqchi bo‘ladi. Aslida, she’r matnida ham, adabiy tilimiz qoidalariga ko‘ra ham “shox” so‘zi “shoh” bilan almashib ketmasligi asosiy talabdir.

Odatda, ayrim shevalarimizda “h” va “x” harflarining og‘zaki nutqda ham, yozma matnda ham o‘z o‘rni borligini unutib qo‘yamiz. Oqibatda, kirill alifbosi joriy etilganidan buyon yuqoridagi ikki harf bir-birining o‘rnida noo‘rin qo‘llanib kelinayotganiga guvoh bo‘lamiz. 

“O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvida bu haqdagi muammolar tez-tez ko‘tariladi. Yaqindagi ko‘rsatuvlardan birida shunday chalkashliklar, fikrimizni chalg‘itadigan fikrlar bildirildiki, go‘yo lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizga tezroq o‘tadigan bo‘lsak, muammolar hal etilarmish. Bunday fikrni bildirayotganlar, taklifni o‘rtaga tashlayotganlar nahotki, 80 yildan ortiq imlomiz va alifbomizda “hukmronlik” qilgan krill alifbosi amaliyotida bu muammo hal etilmaganligi, buning uchun avvalo o‘zimiz, tilshunoslarimiz aybdor ekanligini bir bora bo‘lsa-da, tilga olib o‘tishmadi! Mayli, kelgusida albatta, lotin yozuvi asosidagi yangi alifboni joriy etishga kirishiladi. Yangi alifbomiz qabul qilinganiga ham chorak asr bo‘layapti. Shu davr mobaynida bir necha harf-tovush, belgilarning shakli-shamoyiliga shunday o‘zgartirishlar kiritildiki, bugun lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosida yaratilgan asarlarni “tekis” o‘qiydigan kitobxonlar avlodi borligiga ko‘nglimda shubha paydo bo‘ladi. Negaki, shunday o‘zgartirishlar amalga oshirildiki, yangi alifbomiz tushunarsiz holatga kelib qoldi.

Ayni paytda ushbu alifboni qayta isloh qilishga kirishilmoqda. 

Umumxalq muhokamasida bo‘lgan yangi loyihada ko‘zda tutilgan asosiy maqsad yil oxirigacha lotin yozuvi asosidagi milliy alifbomizni barcha jabhalarda keng joriy etishdir. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: hozir va yil oxirigacha qolgan sanoqli oylarda bu muammoni hal etish imkoni bormi? Mayli, ta’lim maskanlarida buning imkoni bordir. O‘ylab ko‘ring, shu paytgacha faqat krill alifbosiga suyanib yashab kelayotgan avlodning ma’naviy ehtiyojini yangi alifbomiz qondira oladimi? 

O‘zim ham yoshim sakson beshdan oshib qolganligi uchun chorak asrdan buyon amaliyotga tatbiq etilmagan lotin yozuvidagi alifbomizni o‘rganishga bir necha bor urinib ko‘rdim. Afsuski, yangi harflarni “o‘zlashtirishim” qiyin kechmoqda. Biron matnni krill alifbosida besh daqiqada ko‘z yugurtirish bilangina o‘qiydigan bo‘lsam, lotinchada... yarim soatcha vaqtim ketadi. Bu fikrim bilan yangi alifboning joriy etilishiga, uning takomillashuviga mutlaqo qarshi emasman. Faqat, uni joriy etishda aholi qatlamining ma’naviy ehtiyoji bilan bog‘liq muammolarini hisobga olish zarur, deb o‘ylayman. Masalan, o‘rta va keksa avlod vakillari krill alifbosida savod chiqarishgan. Tabiiyki, ularning yangi alifboni o‘rganishlari, o‘zlashtirishi uchun vaqt muammosi paydo bo‘ladi. Qolaversa, bu toifadagi insonlarda hamisha ham yangilikni to‘liq qabul qilish, amalga oshirishga ishtiyoq va imkoniyat ham bo‘lmaydi.

Lotin yozuvi asosidagi yangi alifbo qabul qilingach, barcha bosma nashrlar, kitoblar shu alifbo asosida chop etilishi belgilanayotganligi ayrim muammolarni keltirib chiqarmaydimi? Xususan, bugungi kunda deyarli barcha bosma nashrlarimiz, chop etilayotgan kitoblarimiz kirill alifbosida yaratilmoqda. Agar, ushbu alifbodan birvarakayiga voz kechadigan bo‘lsak, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘rganmagan, kirill alifbosiga suyangan gazetxon va kitobxonlarning holi nima bo‘ladi? E’tibor bering, bugungi yosh avlod kitob va bosma nashrlar mutolaasidan anchayin uzoqlashib, telefonga yaqinlashib, internet degan baloning oshuftasiga aylangan bo‘lsa, ularni hech qachon gazetxonlik va kitobxonlik olamiga chorlab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi, amaliy harakati bilan kitobxonlikka e’tibor kuchaytirilmoqda. Biroq, bu harakatda ham qandaydir yuzakichilik seziladi. Kitob o‘qiydigan, unga ixlos qo‘ygan kimsa albatta, ma’naviy ehtiyojini qondirish niyatini diliga tugishi kerak. 

Kelgusida chop etiladigan kitoblar, bosma nashrlar faqatgina lotin alifbosi asosidagi o‘zbek yozuvida yuzaga keladigan bo‘lsa, o‘rta va keksa avlod vakillariga jiddiy ma’naviy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Negaki, bugun kirill alifbosida chop etilayotgan kitob, gazeta, jurnallarning asosiy o‘quvchisi yuqorida tilga olingan aholi toifasiga mansub kishilardir. Qolaversa, yosh avlod nari surib qo‘yayotgan bosma nashrlarga obunani tashkil etish, kitob savdosida ham jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin. Shuning uchun... o‘ylab ish ko‘rishimiz kerak. 

Ra’no HOJIYeVA,

filologiya fanlari nomzodi.