Ibn Sino quyoshga qiyoslagan ne’mat

Ona suti bolaning sog‘lom va barkamol bo‘lib rivojlanishi uchun muhim oziq. Uning tarkibida yuzdan ziyod foydali mikroelement bor. Ular bolaning to‘yib oziqlanishi uchun yetarli, hatto suv o‘rnini bosadi. Qolaversa, ona suti immunoglobulinga boy bo‘lib, immunitetni mustahkamlaydi, chaqaloqni turli infeksiyalardan himoyalaydi, onadan bolaga immunitet o‘tishini ta’minlaydi.

Buyuk alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino ona sutining foydali jihatlarini inobatga olib, uni quyosh nuriga qiyoslaydi. Zamonaviy tibbiyotda ham ona sutining shifobaxsh xususiyatlari alohida e’tirof etiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti chaqaloqlarni ona suti bilan boqish bo‘yicha 10 qadam tamoyilini targ‘ib etib kelyapti. Jumladan, mamlakatimiz ham ushbu tashabbusga qo‘shilib, bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlari olib bormoqda. Bu qoidalarning ba’zilariga to‘xtalib o‘tsak. Birinchidan, bola tug‘ilishi bilan ilk yarim soat ichida ona uni emizishi kerak. Tug‘ruq majmualarida bu masalaga jiddiy e’tibor qaratiladi. Ona-bola uyiga qaytgach, bolani ko‘krak suti bilan oziqlantirish jarayonini kuzatish, bu borada onaga maslahat va tavsiyalar berib borish patronaj hamshiralar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Buning uchun patronaj hamshiralar quyidagi muhim qoidalardan xabardor bo‘lishlari lozim. Xususan, chaqaloqni soatga qarab emas, chaqaloq talab qilganda (tez-tez) emizish kerak. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni 3-3,5 soat oraliqda oziqlantirishni amalga oshirish murakkab. Chaqaloqning oshqozon hajmi tez-tez va kam miqdorda ozuqa qabul qilishga moslashgan, bir vaqtning o‘zida 150-200 millilitr sutni qabul qilishi fiziologik jihatdan to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun yangi tug‘ilgan chaqaloq birinchi oylarda ko‘krakni tez-tez, kecha-kunduz davomida 10-15 martagacha talab qiladi. Ona va bola doimo birga bo‘lishi lozim. Ona taftini his qilib uxlash bola ruhiyati uchun juda foydali. Bu ona suti yaxshi ishlab chiqilishiga ham yordam bo‘ladi. Emizish paytida bir-biriga yaqin ikkita inson o‘rtasida emotsional aloqa o‘rnatiladi. Bu go‘dakka himoyalanganlik, qulaylik va xotirjamlik hissini baxsh etadi. Agar bola haftasiga taxminan 150 gramm vazn yig‘ayotgan bo‘lsa, bu uning ko‘krakni me’yorida emayotgani belgisi deyish mumkin. Emizish ona sog‘lig‘i uchun ham katta foyda keltiradi. Avvalo, ketma-ket homiladorlikning oldi olinadi.

Onaning ko‘krak va bachadon saratoni, artrit va yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli kamayadi, shuningdek, emizikli ona ortiqcha vaznni tez yo‘qotadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining ta’kidlashicha, ko‘krak sutining yo‘qligi yoki uning yetishmasligi shunchaki bolani ko‘krakka noto‘g‘ri tutish va muntazam emizmaslik oqibati, xolos. Laktatsiyasiz, ya’ni sut kelmaydigan onalar bo‘lmaydi (95 foiz ayollarda ko‘krak suti me’yorda ishlab chiqiladi). Ayolning ruhiy ahvoli yaxshi bo‘lsa, oilada sog‘lom muhit o‘rnatilsa, ona suti kelishida muammolar bo‘lmaydi, aksincha, turli stress, charchoq onada sut hosil bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ra’no SAYFIYeVA,

Samarqand shahridagi 3-tug‘ruq majmuasi chaqaloqlar bo‘limi boshlig‘i, oliy toifali neonatolog.