Ibrohim Xalil az Zavadi: Alloh Ta’olo Shavkat Mirziyoyevni yaxshilik bilan mukofotlasin!

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqanda sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan Arab davlatlari uyushmasi bosh kotibi o‘rinbosari Ibrohim Xalil az Zavadi va uyushma qoshidagi Osiyo davlatlari bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Muhammad bin Siddiq Hadis ilmi maktabida bo‘ldi.
Mehmonlar mazkur o‘quv dargohi va uning faoliyati, bu yerda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Hadis ilmi maktabi rektori Olimxon Yusupov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda Imom Buxoriy va boshqa buyuk muhaddislar merosini o‘rganish va tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilayotgani, ushbu ta’lim dargohi ham ana shu e’tibor tufayli tashkil etilgani haqida gapirib berdi. Maktab tinlovchilarining o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishlari, darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari, sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.
Yuksak martabali mehmonlar mamlakatimizda islom dini ravnaqi yo‘lida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berib, buning natijasi diniy ta’lim-tarbiya va boshqa sohalarda o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi.
Tashrif yakunida mehmonlar Hadis ilmi maktabi faxriy mehmonlar kitobiga o‘zlarining samimiy tilaklarini yozdi.
“Men bugungi muborak kunda Hadis ilmi maktabini ziyorat qilib xursand bo‘ldim. Prezident janobi oliylarining muborak tavsiyalari, Qur’on va hadis ilmlariga bo‘lgan e’tiborlarini va talabalar uchun ilm olish mashaqqatlarini yengillatib, barcha imkoniyatlarini yaratib berganlarini eshitdim. Alloh Ta’olo u zotni yaxshilik bilan mukofotlasin va janobi oliylarni qadrli kuch va sa’y-harakatlariga baraka bersin” deb o‘z dil so‘zlarini yozib qoldirdi Arab davlatlari uyushmasi bosh kotibi o‘rinbosari Ibrohim Xalil az Zavadi.