“Ideaton” nima? U yoshlarga qanday imkoniyat beradi?

Samarqand shahridagi School-21 texnologiyalar maktabida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Raqamli ta’limni rivojlantirish hamda IT-Park Samarqand markazlari ko‘magida “Ideaton” tadbiri tashkil etildi.

“Ideaton” - o‘zi nima degani? Bu tadbir yosh mutaxassislarning tadbirkorlik bo‘yicha dunyoqarashini kengaytirish, texnologiyalar yordamida o‘z g‘oyalarini sinovdan o‘tkazish hamda dolzarb muammolarga yechim topish imkonini beradi. Ishtirokchilar qisqa muddatda g‘oyalar yaratib, turli konsepsiyalar ishlab chiqib, hayotga tadbiq etishga harakat qiladi.

- Yaqindagina Prezidentimizning yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, startaplar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash eng muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab o‘tgan edi, - deydi School–21 raqamli texnologiyalar maktabi ijrochi direktori Zarina Luxmanova. -  Unda ijtimoiy muammolarga IT bo‘yicha yechimlar topish, yosh tadbirkorlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etish, shuningdek, yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini haqiqiy loyihalarga aylantirishga qaratilgan bank xizmatlari paketini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda TATU Samarqand filiali, Samarqand davlat universiteti talabalari Barqaror rivojlanish dasturida ko‘rsatilgan qator ijtimoiy muammolar, jumladan kambag‘allikka qarshi kurashish, sifatli ta’limni ta’minlash, gender tengligi, iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish kabilarni hal qilish borasida turli g‘oyalarni ishlab chiqdilar. Ishtirokchilar zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda insonlar hayotini yaxshilash va jamiyatda barqarorlikni ta’minlash kabi maqsadlarga erishishga yordam beruvchi yechimlarni ishlab chiqishga harakat qilishdi.

Zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar ko‘magida ishtirokchilar startap ustida ishlashning asosiy bosqichlari, ya’ni dizayn fikrlash va foydalanuvchi insaytlarini tahlil qilishdan foydalangan holda g‘oyalar izlashdan tortib, ularning dolzarbligini dastlabki baholashgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘rganishdi. Ular ijodiy fikrlash usullarini, shuningdek, g‘oyalarni tizimlash va qadoqlashga ko‘maklashuvchi Design Thinking Process, Value Proposition Canvas va Business Model Canvas vositalarini o‘zlashtirdilar. Qizg‘in o‘tgan bahslarda jamoalar ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimining qulayligi, talabalar uchun turar-joy ijarasini soddalashtirish, ish izlash va aholi o‘rtasidagi ishsizlikni bartaraf etish kabi loyihalar bo‘yicha g‘oyalar ishlab chiqib, havola etishdi.

Eng yaxshi g‘oyalar mualliflari tashkilotchilarning esdalik sovg‘alariga, shuningdek, IT-Park Samarqand platformalarida o‘z loyihalarini taqdim etish imkoniyati va School-21 texnologiyalar maktabi tomonidan Markaziy Osiyo inkubatori va xakatonida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishdi.

- Bugungi kunda yoshlarni o‘qishga jalb qilish qiyinligini e’tiborga olib o‘z dasturimizni yaratdik, - deydi tanlov g‘olibi bo‘lgan EduVerse loyihasi muallifi Shahzod Ismatullayev. -  Sun’iy intellektdan foydalanib, kurslarni moslashtirish va geymlashtirish ta’lim jarayonini yanada qiziqarli bo‘lishiga xizmat qiladi. Kelgusida ushbu loyihani yanada rivojlantirish ustida ish olib boramiz.

School-21 texnologiyalar maktabi kampusida turli mavzular va dolzarb muammolarga chuqurroq yondashish va amaliy yechimlarni topish imkonini beradigan tadbirlar tashkil etiladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.