IIVda mahkumlarning elektron nazoratini ta’minlovchi texnologiyalar joriy etiladi
2021 yil 26 mart kuni Prezidentimiz «Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan.
Farmonga ko‘ra, yurtimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi bo‘g‘inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot, qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash maqsadida bir qator yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Xususan, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi vazirlik huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti etib qayta tashkil etilmoqda. Shu bilan birga Jazoni ijro etish departamenti bevosita Ichki ishlar vaziriga bo‘ysunishi va uning zimmasiga ichki ishlar organlarining jinoiy jazolarni ijro etish tizimini rivojlantirish va unda qat’iy intizomni ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilgan.
Farmonga ilova sifatida keltirilgan «Yo‘l xaritasi»da 2021 yilning 10 mayiga qadar mahkumlarning «elektron nazorati»ni ta’minlovchi axborot texnologiyalarini joriy etgan holda, jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlash belgilangan.
Endilikda xodimlar personal videoregistrator (bodikamera) bilan xizmatni o‘tash tartibi tatbiq etiladi. Bundan tashqari, mahkumlarning jazoni o‘tash tartibini buzish holatlarini aniqlash maqsadida kuzatish va mustaqil nazorat qilish imkoniyatiga ega intellektual kameralar («Smart») tizimi muassasalarga o‘rnatiladi. Jazoni ijro etish muassasalariga taqiqlangan buyumlarni olib kirish holatlarini aniqlash va oldini olish maqsadida ularning nazorat o‘tish joylarida bodiskanerlarni o‘rnatish belgilangan.
Farmonga ilova sifatida keltirilgan «Yo‘l xaritasi» jazoni o‘tash jarayonida mahkumning xulq-atvori va shaxsi haqidagi «axborot portreti»ni tuzish va ozodlikka chiqishidan 2 oy oldin yashash joyi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyatini beruvchi yagona elektron tizim yaratiladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qildi.