Ijodiy imtihonlar o‘tkazilishi uchun sharoitlar yaratilgan

2025-2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonida bakalavriatning alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.

Imtihonlarning belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof o‘tishi biriktirilgan tegishli tashkilotlar vakillari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Ayniqsa, havo haroratining yuqoriligi sabab imtihonlar bo‘lib o‘tayotgan joylarda zarur sharoitlarning yaratilganligi viloyat hokimligi mas’ullari tomonidan nazoratga olingan.

Jumladan, Samarqand davlat pedagogika institutining jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan kasbiy (ijodiy) imtihonlari viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev tomonidan o‘rganilib, jarayonni shaffof o‘tkazilishi, imtihon topshiruvchilar va ularning yaqinlari uchun zarur sharoitlar yaratilishi bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Havo harorati qanchalik baland bo‘lmasin, kasbiy (ijodiy) imtihon topshirayotgan abituriyentlarga zarracha xalaqit berayotgani yo‘q. Ular soha bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish etib, talabalar safidan joy olishga bor kuch-g‘ayrati bilan harakat qilmoqda.

- Kasbiy belgilangan tartib bo‘yicha 1000 va 100 metrga yugurdik, - deydi toyloqlik abituriyent Hafiz Mardonov. – Futbol bilan doimiy shug‘ullanib yurganim uchun bu unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi. Havoning issiqligini hisobga olmasa hammasi joyida. Nasib bo‘lsa, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalar qatoridan joy olaman, degan umiddaman.