Ijodkorlar maktabda, xo‘sh, ularning vazifasi nimadan iborat?

Respublikaning barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etildi. Bu Prezidentimizning shu yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilandi.

Qarorda har bir umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy etilgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimini moliyalashtirish uchun 2021 yil 1 apreldan boshlab davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 0,5 shtat birligi ajratilib, uning ish haqi miqdori umumta’lim muassasasi oliy ma’lumotli o‘qituvchisi uchun bazaviy tarif stavkasi miqdorida belgilangan.

Tabiiy savol tug‘iladi. Maktablarga jalb qilingan ijodkorlarning vazifalari nimalardan iborat?

- Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar yosh avlodni ma’nan barkamol etib tarbiyalashda, maktab o‘qituvchilari va faol o‘quvchilarning ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishga ko‘maklashadi.

- Turli viktorinalar, mushoiralar, adabiy kechalar, qiziqarli darslar, kitobxonlik va she’rxonlik tanlovlarini tashkil etadi.

- Maktab o‘qituvchilari va faol o‘quvchilarni ishtirokida o‘quv maskanining elektron saytida maktab hayotidan qiziqarli maqolalar chiqarib boradi, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil etadi.

Hozirgi kunda Samarqand viloyatdagi 1255 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablariga O‘zbekiston Yozuvchilar va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmalari viloyat bo‘limlarining tavsiyasi bilan shoir, yozuvchi, jurnalistlar ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi sifatida ishga jalb qilinmoqda, ular joylarda targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.

Shuningdek, maktablarga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tavsiya etilgan ona tili va adabiyot o‘qituvchilari ham biriktirilmoqda. Bundan tashqari, telegramda “Targ‘ibotchilar” kanali va guruhi ochilgan bo‘lib, unda barcha ijodkorlar maktabdagi o‘z faoliyati xaqida malumotlar bilan o‘rtoqlashadi.

Ammo ba’zi maktab direktorlari Prezidetimizning qarorlarini o‘qimagan shekilli, ijodkorlarini sarson qilgan holda o‘z o‘qituvchisini ishga olish bilan ovora. Shu kabi murojaatlarni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan qo‘shma qaror imzolanmoqda, tashkilotlar mas’ullari bilan birgalikda yuqoridagi holatlarni bartaraf etish chorasi ko‘riladi. Targ‘ibotchilar ishi monitoring qilib boriladi.

  Xolbo‘ta Xo‘janov,

monitoring guruhi a’zosi.