Ijroga munosabat - rahbarning yuzi
Ko‘pchilik rahbar deganda faqat topshiriq, vazifa beruvchi kishini tushunadi. Aslida unday emas, rahbar, eng avvalo, ijrochi shaxs.
Ijroga munosabat rahbarning yuzidir. Misol uchun, bizda Harakatlar strategiyasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, har bir soha, har bir yo‘nalish bo‘yicha muhokamadan so‘ng tasdiqlangan dastur, loyiha va rejalar mavjud. Ularda ijro muddati, moliyaviy manbasi, mas’ul shaxs, hatto hamkor tashkilotgacha ko‘rsatib berilgan.
To‘g‘ri, oqilona reja ishning yarmi, degani. Ammo ijro mas’uliyati shakllanmasa, har qanday istiqbolli reja ham qog‘ozda qolib ketaveradi. Ba’zan dasturlar ijrosining tahlili chog‘ida noma’qul holatga duch kelamiz. Garchi har bir loyihada uning ijrochisi, ijro muddati aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ayrim rahbarlar muddat yaqinlashganda yoki viloyat hokimligidan “turtki” berilsagina uni bajarishga kirishib qoladi. Oqibatda muddat kam qolib, ish pala-partish bajariladi.
Har bir loyiha, avvalo, ijrochining roziligi va kafolatidan keyin tasdiqlanadi. Ya’ni, “Men bilmabman, nimanidir hisobga olmabsizlar” degan bahonaga o‘rin yo‘q. Ming afsuski, bu bahonani hozircha eshitishga to‘g‘ri kelyapti. Bundan tashqari, “E’tibor qilmabman, endi o‘zim shug‘ullanaman, o‘rinbosarimga ishonmayman” deguvchi rahbarlar ham bor. Vaholanki, bunday noqulay vaziyatga tushmaslikning yo‘li ham, imkoniyati ham bor. Keling, ularni sanab o‘taylik:
Birinchidan, reja va loyihalardan jamoatchilikni xabardor etish. Ya’ni, ularni gazeta, radio, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilish. Demoqchimizki, jamoatchilik orasidan bu loyihalar ijrosini so‘rovchi topiladi, mas’ul shaxs mas’uliyatini eslatib turadi.
Ikkinchidan, ijroni muddat yetganda emas, balki har bir bosqich yakunida mutasaddidan so‘rab turish. Aks holda ayrim mas’ullar tegishli hamkor tashkilotlarga xat yuborib, uning javobi va ijrosini surishtirmasdan, o‘z vazifamni bajardim, deb yuraveradi.
Uchinchidan, rahbarlikning eng og‘ir holati ijro ahvolini tahlil qilishda. Buning uchun loyiha ijrosi kunning muayyan qismida, haftaning belgilangan kunida telefon orqali so‘rab turish, vaqt topib, ijroni borib ko‘rishdir. Ana shu yerga kelganda hali oqsayapmiz. Esimizdan chiqadi, hafsala qilmayapmiz, o‘rinbosarga ishonamiz.
Misol uchun, Samarqand shahar Qorasuv massividagi uy-joy qurilishida quruvchilar jamoatchilik tomonidan ishning borishi so‘ralganidan keyin «jonlanishdi». Binoda bo‘yash ishlari ketayotganiga qaramasdan atrofida obodonchilik va kommunikatsiya ishlari boshlanmagan. Unumdor tuproq keltirilib, daraxt ko‘chatlari va maysa ekilmagan. Agar so‘ralmasa, toshloq, qumloq ustiga ko‘chat, maysa ekib, qo‘ya qolardi.
Tumanlarda xotin-qizlarga ish o‘rni yaratish maqsadida tikuvchilik majmualari qurish va ularni ishga tushirishda ham shunday holatga duch keldik. Arzimagan ishlar bahona bunday muhim sexlarni ishga tushirish paysalga solib kelinayotgan ekan.
Xulosa shu: ijro har bir rahbardan yuksak intizom va mas’uliyat talab etadi. Har birimiz xalq oldida ijrochi ekanimizni unutmaylik.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.